«2005 yoki 2015 yilga nisbatan ancha erkinmiz deb, ish va harakatni unutmaslik kerak» – jurnalist Zaynab Muhammad Do‘st bilan suhbat

Jamiyat 13:34 / 03.05.2021 13159

– Assalomu alaykum. Avvalo, o‘zingiz haqingizda gapirib bersangiz, ijodkor oilasidagi tarbiya, qayerlarda o‘qigansiz?

– Va alaykum assalom, men Toshkentda adabiyotchilar oilasida tug‘ilganman. Otam – yozuvchi Murod Muhammad Do‘st va ayam – filolog Zulfiya Rasuliy (bobom Mas'ud Rasuliy ham adabiyotshunos bo‘lgan edilar).

Bolalikdan kitoblar to‘la baland shkaflar qurshovida bo‘lganman. Shu kitoblarni asta-sekin o‘qib ulg‘aydim. Otam har doim kitob sotib olar edi. Bu yerda men bitta-ikkita kitob emas, bukinist magazinlardan olingan dasta-dasta eski kitoblar va yangi zamon kitob to‘plamlarini nazarda tutyapman. Kutubxonamizda turli xalqlar ertaklaridan boshlab jahon adabiyoti namunalari va turli ensiklopediyalarga qadar topilardi. Shularning ayrimlarini (hammasini emas) o‘qib turar edim va ushbu «mashq» uyda olgan tarbiyamning muhim bir qismi edi.

Albatta, ayam va otam har doim u yoki bu kitobni o‘qigan-o‘qimaganimni surishtirib turishardi. Bobom bilan buvimning uyida ham kitoblar ko‘p edi. Buvim Jumagul Rasuliy shifokor bo‘lgan, shuning uchun uning tibbiy ensiklopediyalarini ham ko‘rib chiqardim.

Umuman, ota-onam meni ukalarimdan ko‘proq tarbiyalaganlar, chunki men juda sho‘x edim, shuning uchun ham ko‘p koyish eshitardim. Bobom bilan buvimning so‘zlari va nasihatlari ham menga albatta ta'sir qilgan. Ulardan ham juda ko‘p narsa o‘rgandim.

O‘zbekistondagi tahsil haqida gapirsak, avval Toshkentdagi oddiy o‘rta maktabda o‘qidim, keyin o‘zbek-turk qizlar litseyiga o‘tdim. Litseydagi ta'limdan so‘ng Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida xalqaro munosabatlar yo‘nalishi bo‘yicha tahsil oldim (JIDUda o‘qigan paytlarimda italyan tilini o‘rganish uchun Italiya tashqi ishlar vazirligidan ikki marta grant yutib, parallel tarzda xorijda ham o‘qidim). Keyinchalik asosiy mutaxassisligim (ya'ni siyosatshunoslik va xalqaro munosabatlar) bo‘yicha bir necha oliy ta'lim muassasalarida tahsil ko‘rdim (Mojoriston, Italiya, Buyuk Britaniya).

– Londonda qanday faoliyat bilan shug‘ullanasiz?

– Londondagi Vestminster universiteti magistraturasini (grant asosida) tamomlab, Toshkentga oldingi ishimga qaytdim. Lekin biroz ishlab, keyin «yuqori ko‘nikmalarga ega bo‘lgan migrantlar» viza sxemasi bo‘yicha yana Londonga qaytib, shu yerda ishlay boshladim.

Hozir Mergermarket biznes-axborot xizmatida tadqiqotlar va hamkorlararo munosabatlar bilan shug‘ullanaman. Bu media Bloomberg yoki Thomson Reuters’ga o‘xshagan axborot va ma'lumot xizmati sanaladi. Men M&A («mergers and acquisitions») trendlari haqida yozaman va tadqiqot bo‘limining Yevropa bo‘yicha yuridik firmalari va tashqi aloqalarini boshqaraman. Ish jarayonida hamma bilgan tillarimdan foydalanaman. Odamlar bilan yozma yoki og‘zaki suhbatlashish juda maroqli. Avval bemalol loukosterlar yordamida nafaqat Londonning Sitisida, balki Yevropaning barcha burchaklaridagi uchrashuvlarga borib kelish imkoniyatim bor edi. Hozirgi kunlarda pandemiya sabab hamma narsa onlaynga o‘tkazilmoqda va buning salbiy tomonlari ham bor, albatta.

Vaqtim bo‘lganda Markaziy Osiyo va O‘zbekiston haqida maqolalar ham yozaman, intervyular olaman. Meni ko‘proq mintaqamizning ijtimoiy, tarixiy muammolari, xususan, ayollar muammosi, siyosat, madaniyat va tadqiqot mavzulari qiziqtiradi.

Shuningdek, Markaziy Osiyoning unutilgan tarix sahifalarini qayta varaqlash yoqadi. Adolat va insoniylik tushunchalari qat'iy qaror topgan mukammal jamiyatni, yuksak ma'rifatli odamlarning mustaqil fikrlashlarini orzu qilaman. Shundagina jamiyatning butkul salohiyatini ishga solish osonroq kechardi. Afsuski, biz nuqul alifbo bilan o‘ynashib, asosiy maqsadlardan yiroqlashib bormoqdamiz.

Bundan tashqari, «O‘zbekiston ayollar ko‘zi bilan» nomli yangi media-loyiha bilan ham ishlab kelyapman. Mana shu bahor oylarida Malika Sharipova va Komila Sultonova bilan birgalikda vebinarlar o‘tkazdik. Ayollar va jamiyat muammolariga befarq bo‘lmagan mutaxassislar bilan muhokamalarni o‘zbek va rus tillarida olib bormoqdamiz.

Onlayn munozaralarda mahalliy va xorijiy mutaxassislarning bilimlari bilan tanishishga, g‘oyalar almashishga va ayollar imkoniyatlarini kengaytirishga harakat qilamiz. Masalan, oxirgi vebinarimiz nogironligi bor o‘zbek ayollar haqida bo‘ldi. Maqsadimiz - ular jamiyatda qanday muammolarga duch keladilar, ayollar huquqlari deganda nogironligi bor ayollar haqida gapiriladimi va shu kabi mavzularda suhbat olib borish edi. Ayrim tushunchalar va xabarlarga ham izoh berib turamiz.

– Qizlar ko‘proq otasiga tortadi deyishadi, yozuvchi Murod Muhammad Do‘st ota sifatida. Otangizdan nimalarni o‘rgangansiz?

– Bolalarning aqli ota va ona genlariga qanday bog‘liqligi haqida bir maqola o‘qigandim. Juda qiziq ekan. Unda aytilishicha, otaning genlari miyaning limbik tizimida to‘planib, kayfiyat va instinktlar uchun javob beradi va asosiy funksiyalarni boshqaradi. Onaning hujayralari esa kognitiv funksiyalar – ya'ni xotira, fikr va til kabi funksiyalarga ta'sir qilar ekan. Bolalarga erta yoshdanoq mavjud ijtimoiy omillar va his etilmish tuyg‘ular bilan bog‘liq omillarning ta'siri ham kuchli.

Umuman, gapingizda jon bor, menda ham otamdan ozgina yozish qobiliyati o‘tganday – his-tuyg‘ularimni yozma shaklda yaxshiroq ifodalay olaman. Ishim ham yozish bilan bog‘liq. Ammo men buni yozuvchi talanti deb atay olmayman – qobiliyat to‘liq rivojlansa, shundagina talantga aylanadi. Lekin ijodiy tarzda fikrlash – otamdan o‘tgani aniq. Biror bir narsani detallargacha tasvirlab berish ham. Adabiyot haqida ko‘p narsani otamdan bildim va hozir ham o‘rganyapman.

Albatta, otamdan hayotda ko‘p narsa o‘rgandim. Masalan, muammolarga yengil yumor bilan qarash, ahmoqlik ustidan kulish, hamma narsaga biroz skepsis va realizm bilan qarash, siyosiy va ijtimoiy jarayonlarni jazavaga berilmasdan xolisona kuzatish va odatiy hayotdagi komediya va dramani teran sezib turish. Men ham gapning to‘g‘risini aytaveraman. Aytmasam haqim ketadiganday. Maddohlikni, mahmadonalikni yoqtirmayman. Odamlar ba'zan menga «yomon pryamoysan» deb aytadi. Buni ham otamdan o‘tgan desak bo‘ladi, lekin bu «qusur» onamda ham bor.

Mustaqil fikrlash qobiliyatini ham o‘rgandim. Ba'zan fikrlarim hech kimnikiga o‘xshamasligi, otamnikidan ham farq qilishi mumkin. Otamning yumori, adabiyot, kino, musiqa va jamiyat haqidagi fikrlari, albatta, menga ta'sir qilgan. Lekin otamga, masalan, ayrim ashulachi yoqmasligi, menga esa u yoqishi mumkin. Xullas, biz shaxs rivojida nafaqat genlar ahamiyatini, balki insonning o‘z fe'l-atvori, bilimi va didini ham e'tiborga olmasak bo‘lmaydi.

– Qizlar uchun xorijda tahsil olish «plyus-minus»lari?

– Umuman olganda, xorijda tahsil olish odamlarning dunyoqarashini kengaytiradi, hayotda yangi tajribaga ega bo‘lish, shaxsiy o‘sish imkoniyatini beradi.

Ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha ta'lim xorijda yaxshiroq beriladi. Yevropa, AQSh yoki Sharqiy Osiyodagi ta'lim muassasalarining resurslari ancha yaxshi. Qayerda universitetlarning metodologiyasi, nazariyasi va amaliyoti mukammal, oxirgi tadqiqotlarga asoslanadigan bo‘lsa, ular yuqori marralarni ko‘zlayotgan yoshlar uchun juda muhim joziba kasb etadi.

Har bir inson xorijga o‘qishga yoki ishlashga ketganida musofir holatiga tushadi. Bu jarayonni boshdan kechirar ekan, qandaydir ijobiy va salbiy narsalarga duch kelishi muqarrar. Ammo, bilasiz, yangi sharoitga ko‘nikish – juda individual bir narsa. Shuning uchun ham men hamma qizlar nomidan gapirolmayman.

Xorijda tahsil olishni yomon narsa deb o‘ylamayman. Ammo ayrim odamlar uchun «minus» – qizlarning sal kechikibroq turmushga chiqishlari. Birovlar borki, umuman o‘qimishli kelinlarga, jumladan, xorijda o‘qib kelgan qizlarga shubha bilan qaraydi. Albatta, bu kabi munosabat odamlarning dunyoqarashiga bog‘liq: birov kengroq fikrlaydi, birovning fikri esa g‘orda yashagan ajdodlarimiz darajasida qolib ketgan. Fikri sog‘ odam hech qachon yoshlarning xorijda tahsil olishini yomon narsa deb hisoblamaydi. Aslida, ta'lim olish (bu ikki-uch oylik kurs bo‘lsin yoki bakalavr yoxud 1-2 yillik magistratura bo‘lsin), bu katta plyus, lekin stereotiplar va fobiyalar ushbu plyusni ayrim insonlardan berkitib qo‘yadi.

Dunyoda imkoniyatlar ko‘p, biz ham – o‘sha dunyoning bir qismi, hozirgi kunda temir pardaning orqasida berkitilib yashamayapmiz axir. Shuning uchun hech bir insonning xohlagan universitetida, ayniqsa tanlov natijasida qabul qilingan bir ta'lim muassasasida tahsil olishiga g‘ov bo‘lmaslik kerak deb o‘ylayman.

Siz qizlarning tashqarida o‘qishi haqida so‘rayapsiz, lekin o‘zimizning universitetlarda ham qizlarning soni ancha kam. Shuning o‘zi juda dolzarb muammo va bu hol jamiyatimizning rivojlanish darajasi bilan chambarchas bog‘liq.

– O‘zbekistonda ayollar huquqlari, tarixdan nimalar ma'lum, intervyu va maqolalaringizdan chiqargan xulosalaringiz?

– Ayollar muammolari haqida gapirsak, bilsangiz kerak, ushbu muammolarni hal qilish uchun harakatlar bugun boshlanmagan va bu ishlarni faqatgina sho‘rolar boshlamagan. Edvard Ollvort degan amerikalik olim o‘zbeklar haqida yozgan kitobida hamda Marianna Kemp va boshqa olimlar bu jadidlar paytida boshlangan bir harakat bo‘lganini aniq ko‘rsatadilar.

UzAnalytics va CAA-Network uchun aynan shu mavzuga oid yozgan maqolalarimdan chiqargan xulosalarim shuki, ayollar huquqlari va ularga nisbatan adolat tushunchalari (va ular qatorida gender tengligi tushunchasini ham tilga olsak bo‘ladi) bizga faqat tashqaridan, xorijdan, kelgan bir narsa deb aytish noto‘g‘ri. Jadidlar qoloqlikka barham berishga da'vat qilganlarida, ayollarga qarshi zo‘ravonlikka, ko‘pxotinlikka qarshi chiqqanlari tasodif emas. Abdulla Qodiriy bu gapni «O‘tkan kunlar» romani orqali aytgan. Abdulla Badriyning «Juvonmarg» dramasida yovuz erning xotini va kichik qizini shafqatsizlarcha qiynab, yo‘q qilishiday ayanchli taqdiri dramatik tarzda tasvirlab berilgan. Abdurauf Fitratning «Hind sayyohi bayonoti»da oiladagi zo‘ravonlik va shariatni suiiste'mol qilish muammolari haqida fikr yuritiladi. Jadidlarning davriy nashrlarida ham ayollarning tengsiz ahvoli qoralangan edi.

Marianna Kemp sho‘rolar hokimiyatining dastlabki yillarida O‘zbekistonda joriy etilmish «ayollarni ozod qilish» g‘oyasiga jadidlarning konsepsiyasi asos bo‘lib xizmat qilganini aytadi. Olima kommunistik partiya tenghuquqlik g‘oyalarini targ‘ib qilgan bo‘lsa-da, «ayollarning rolini o‘zgartirish haqida ham erkak, ham ayol o‘zbek faollariga qattiq ta'sir etgan g‘oyalar bolsheviklarning rejasidan ko‘ra jadidlar ta'limotiga vorislikni ko‘proq ifoda qilar edi», deb yozgan. Demakki, ayollar huquqlari bu – modernizmning bir shakli va bu kabi jarayonlar hamma joyda tomir otib ulgurgan, bizda ham jadidlar tomonidan boshlab qo‘yilgan edi, ammo taraqqiyot sekinlashishi bilan, Stalin qatag‘onlari tufayli bu g‘oyalar rivojlanmay qoldi.

Qisqasi, o‘zbek ayollari dunyodagi hamma ayollar kabi huquqlarga va katta salohiyatga ega. Mustaqil O‘zbekistonda ayollar uchun davlat tomonidan, jamiyat tomonidan yo‘l ochilishi, imkoniyat berilishi kerak. Qobiliyatli qizlar bor, agar qizlar o‘qimoqchi, ishlamoqchi bo‘lsa, ularni qo‘llab-quvvatlash kerak – o‘qimishli va ishli ayollardan oilaga ham, jamiyatga ham faqat foyda tegadi. «Cen qiz bolasan, o‘qishing shart emas» degan gaplar, ya'ni jins bo‘yicha kamsitish nafaqat qonunchiligimizga qarshi bir ish, bu kabi holatlar umuman taraqqiyot uchun zararli. Shuning uchun bugun gender tengligi va ayollar huquqlari deganda davlat tomonidan aynan mana shu kamsitishni yo‘q qilish maqsadi ko‘zlanadi. Buni men qo‘llab-quvvatlayman.

– O‘zbekistondagi jurnalistika va so‘z erkinligini qanday baholaysiz?

– So‘z erkinligi borasida mendan alohida bir ekspertiza kerak emas. Xalqaro reytingimiz eng yaqin paytda yangilandi («Chegara bilmas muxbirlar» tashkiloti reytingi). O‘sha o‘rnimizga qarab vaziyatga hammamiz baho bera olamiz. Qisqasi, reytingning tepasiga chiqish uchun hali ancha harakat qilish kerak. «Ura-ura» qilib, 2005 yoki 2015 yilga nisbatan ancha erkinmiz deb, ish va harakatni unutmaslik kerak.

Jurnalistika haqida gapirsak, yaxshi materiallar ham, yomon materiallar ham bor. Mustaqil va obektiv maqolalar, ko‘rsatuv va videolavhalar har doimgiday kerak. Ularni qanday ko‘paytirish – muhim vazifa. Matbuot rivojida turli muammolar va to‘siqlar bor. Erkin matbuotsiz erkin jamiyat qurish mumkin emas.

– O‘zbekistondagi ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, ta'lim jarayonlarini kuzatib turasizmi?

– Albatta. O‘zbekiston haqida va mintaqa haqidagi yangiliklarni tez-tez o‘qib turaman. Ijtimoiy tarmoqlardagi bahslarni ham kuzatib boraman.

Co‘nggi paytlarda O‘zbekistondagi oilaviy zo‘ravonlik mavzusi tez-tez ko‘zga tashlanmoqda. Ko‘p hollarda qurbonlar o‘zlarining oila a'zolari qo‘lidan halok bo‘lgan juda yosh ayollar bo‘lgani aytilmoqda. Ayni zamonda ommaga oshkor qilingan holatlar dengizda suzgan muz tog‘ining tepada ko‘ringan kichkina qismi ekani, degan fikrlar ham o‘rtaga chiqmoqda.

Bu ayanchli holatga yondashuvda ham ziddiyatlar bor. Bir tomondan qarasak, muammolar yechimini izlayapmiz. Ayni zamonda, ayollarning «axloqi» va «ma'naviyati» kabi mavzularda jazavaga berilib ketib, oilaviy zo‘ravonlik kabi og‘ir muammoni maishiy bahslar darajasiga tushirib qo‘yishga urinishlar ham bor.

Ayollar va bolalarga qarshi oilaviy zo‘ravonlik bo‘yicha milliy statistika yo‘q. Lekin ayol zotini kunlik turmushda ovsar yoki ro‘y-rost nodon qilib ko‘rsatadigan stereotip reklama va bema'ni filmlar tiqilib yotibdi. Ayollar huquqlarini va gender tengligini qo‘llab-quvvatlaydigan odamlar esa bu taxlit o‘ta yuzaki va butkul noto‘g‘ri talqinga tushunolmay garang. Axir, gender tengligi – odamlarga nisbatan uning jinsiga qaramasdan adolatli munosabatda bo‘lish degani emasmi?

Ta'lim, til sohalarida islohotlar haligacha yakuniga yetmagan. Odamlar kitob o‘qimaydi. Ko‘pchilik o‘qishga qiziqmaydi ham, ular uchun eng muhim narsa – pul va mulk yig‘ish, moddiy boylikni boshqalarga o‘zining fazilati sifatida ko‘z-ko‘z qilish. Kafanda cho‘ntak bo‘lmasligi ko‘pchilikning esidan chiqqani yomon. Afsuski, ko‘p sohalarda korrupsiya haligacha bor va unga tizimli ravishda kurash choralari yo‘q. Tashlangan to‘rga ilingan besh-o‘nta chavoq baliqni katta ov sifatida namoyish qilamiz, nahanglar esa bemalol va bexavotir suzib yuribdi…

– Qishloq inglizlari hayoti bilan tanishganmisiz? O‘zbek qishloqlaridan qanchalik farqli?

– Nyu-Forest («Yangi o‘rmon») degan joyda bo‘ldim. U yerda sigirlarni ko‘rdik. Bizlarnikidan ancha farq qilar ekan. Ularning ko‘rinishi sal kattaroq. Ingliz qo‘ylari ham biznikidan farq qiladi, lekin baribir, qo‘y bo‘lgandan keyin hammasi bir xil ma'raydi. Go‘ng hidi xuddi o‘zimizning qishloqdagiday. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari rangi va ta'mi bilan biznikidan farqli. Lekin dunyodagi hamma qishloqlarda ayrim umumiy o‘xshashliklar bor va menga shu narsa juda yoqadi.

London atroflarida har xil fermalar bor. O‘sha fermalarga hayvonlarni kuzatish uchun yoki qulupnay terib olish uchun oilaviy borishingiz mumkin. Qishloqlarda tinchlik-xotirjamlik mo‘lroq, shaharlarning shovqinidan qochgan odam o‘sha joydan panoh topishi oson.

Odamlarida ham o‘xshashlik bor. Menimcha, eng sodda, ochiqko‘ngil odamlar qishloqlarda yashaydi. Londonda hamma stressda, pandemiyadan oldin tonggi metro vagonida ba'zan kimdir xo‘mrayib qarab qo‘yishi ham mumkin edi (ammo bu kamdan kam uchraydi). Qishloqlarda yoki Londondan uzoqroq kichik shaharlarda bo‘lsangiz, odamlarning yuzlarida nuqul tabassum ko‘rasiz. Ular mehribon va o‘ta tanti. Shu bilan birga, ko‘plab inglizlar sizga gapirsa, gapini «love» deb tugatib qo‘yadi. Buni «sevgi» yoki «sevgilim» deb emas, «jon» deb tarjima qilishimiz mumkin.

O‘zbek qishlog‘ini esa juda yaxshi eslayman. Otam bizni yoshligimizda tez-tez Jom qishlog‘iga olib borardilar. Shu tufayli Toshkentda yashasak ham, qishloq hayotini ozgina bo‘lsa-da o‘rgandik. Qishloqdagi yegan-ichgan non-sut, qurt va parvarda ta'mi, bolalarning kulishlari va qir bag‘irlarida shodon qiyqirib yugurishlari haligacha esimda.

Yigitali Mahmudov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: