O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti birinchi o‘zbek kosmonavti Solijon Sharipov ta'sischiligidagi kompaniya ulushdorlari o‘rtasidagi tergov ishi atrofida sodir bo‘layotgan voqealar haqidagi maqolaga munosabat bildirdi.
2020 yilning 03 dekabr kuni Toshkent shahar Chilonzor tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan “Megatek-Avto” MChJ ulushdorlari bilan bog‘liq holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, keyingi tergov harakatlarini olib borish uchun Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi ish yurituviga olingan.
O‘tkazilgan tergov harakatlari natijasiga ko‘ra, joriy yilning 20 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 1,2-bandlariga asosan jinoyat ishini tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Mazkur qaror Bosh prokuratura tomonidan nazorat tartibida o‘rganib chiqilib, 2021 yil 29 aprel kuni bekor qilingan.
Dastlabki tergov jarayonida mol-mulkka qo‘yilgan taqiq yechilganligi holati yuzasidan Tergov departamenti tomonidan xizmat tekshiruv o‘tkazilmoqda.
Haqiqatni aniqlash va holatga qonuniy baho berish maqsadida, jinoyat ishi IIV huzuridagi Tergov departamenti ish yurituviga olinib, “Megatek-Avto” MChJ hamda jinoyat ishiga aloqador “Grand Ravon Oil” MChJ va “Vodiy Grand Optima” MChJlarning barcha mol-mulklariga taqiq qo‘yildi.
Mazkur jinoyat ishi Tergov departamenti tomonidan alohida nazoratiga olingan va tergov natijalariga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinishi ta'minlanadi, deyiladi rasmiy munosabatda.
“Megatek-Avto” MChJning 99,4 foiz ulushiga egalik qilib kelgan Odinaxon G‘ofurjonova Kun.uz’ga yo‘llagan murojaatida o‘zi muassislik qilgan kompaniyadagi ulushlar Rossiya fuqarosi bo‘lgan qarindoshlari tomonidan hujjatlarni soxtalashtirish yo‘li bilan tortib olingani, keyinchalik bu kompaniyadagi ulushlar o‘zga shaxslar (xususan Birinchi o‘zbek kosmanavti Solijon Sharipov) nomiga o‘tkazib yuborilgani, holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi olib borayotgan tergov harakatlari esa asossiz ravishda harakatdan tugatilganini aytgandi.