Surxondaryoda fuqaroga tegishli karamzorni shudgor qilgan klaster mutasaddisiga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Jamiyat 19:45 / 01.05.2021 4712

Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida joylashgan karam ekinini klaster rahbari shudgor qilib tashlagan. Oqibatda karam yetishtirayotgan dehqonga yirik miqdorda moddiy zarar yetkazgan. Bu haqda Oliy Majlis Senatining axborot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi 23 aprel kuni Youtube tarmog‘ida «Karam masalasini hech kim so‘ramadi, izlamadi endi biz paxta, g‘allasini buzamiz» sarlavhasi ostida berilgan videomurojaatni o‘rgangan.

O‘rganishlar natijasida ma'lum bo‘lishicha, Surxondaryo viloyati, Denov tumanida yashovchi Tolibjon Cho‘lliyev Sariosiyo tumanining Bog‘iobod mahallasi hududida joylashgan «Bekzod Sherzod» fermer xo‘jaligiga tegishli yerni og‘zaki shartnoma asosida 2020 yil oktyabridan 2021 yilning 1 aprel kuniga qadar vaqtinchalik foydalanish uchun olgan. U 20 sotix suvli yer maydoniga karam ekinini ekib, ularni parvarishlab yetishtirgan.

Shundan so‘ng, «Denov tekstil Klaster» agronomi Sherxon Qurbonov karam ekini bo‘lgan va hali hosili yig‘ilmagan 14 sotix yerni, ogohlantirmasdan o‘zboshimchalik bilan shudgor qildirib, fuqaro T.Cho‘lliyevga 280 million so‘m moddiy zarar yetkazgan.

Ta'kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan Sherxon Qurbonovga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga muvofiq jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

«Jinoyat ishi yakunlari bo‘yicha batafsil axborot beriladi. Hozirda holat yuzasidan ishlar Senat nazoratiga olingan”, – deyiladi xabarda.

Ko‘proq yangiliklar: