Narx-navo va yashash xarajatlari: Eng qimmat shaharlar qanday mezonlarga ko‘ra aniqlanadi?

Iqtisodiyot 21:23 / 30.04.2021 8961

Worldwide Cost of Living - dunyoda yashash qiymati

Buyuk Britaniyaning «Economist Intelligence Unit» tadqiqot markazi har yili «WCOL» (Worldwide Cost of Living - dunyoda yashash qiymati) dunyoning turli mamlakatlaridagi yashash xarajatlarini reytingini e'lon qilib boradi.

Unda dunyoning 133ta shaharlaridagi 160ta eng muhim tovar va xizmatlar narxlari tahlil qilinadi. Narxlar Nyu-York shahri narxlariga nisbatan solishtiriladi. 2020 yil uchun hisoblangan reyting natijalariga ko‘ra, Toshkentdagi narx-navo Nyu-Yorkdagi narxlardan 3-4 barobar arzonligini ko‘rsatgan. Ushbu reytingda Parij eng qimmat shahar deb e'tirof etilgan.

Shuningdek, reyting natijalariga ko‘ra, Hongkong, Tsyurix va Singapur shaharlaridagi yashash xarajatlari ushbu shaharlarga tashrif buyuruvchilardan hamyonlarini bir ko‘zdan kechirib olishlari lozimligini eslatib turadi. Ushbu reytingda Toshkent shahri qimmatliligi bo‘yicha 132-o‘rinni egallagan yoki 133 shahar orasida eng arzon ikkinchi shahar (Damashq shahridan keyin) deb topilgan.

Ushbu reytingni hisoblash metodologiyasi hamda tanlab olingan tovar va xizmatlari ro‘yxati shundan dalolat beradiki, biror-bir shaharni eng qimmat shaharlardan biri deb xulosa qilish uchun 10 xil oziq-ovqat mahsulotlari (4 xil sitrus mevalar, pasterizatsiya qilingan sut, margarin, kartoshka, o‘simlik yog‘i, makaron mahsulotlari va mol go‘shti) narxlarini taqqoslash ham ilmiy, ham metodologik jihatdan noto‘g‘ri bo‘ladi.

Musofir bo‘lmaguncha musulmon bo‘lmaysan!

Chet ellarda ishlash yoki o‘qish maqsadlarida yashab yurgan vatandoshlar bilan chetda daromad topish bilan birga yashash xarajatlari to‘g‘risida ham suhbatlashib ko‘rsangiz, ko‘p hollarda «chet elning oyligini olib, O‘zbekistonda yashash imkoni bo‘lganda edi!» degan javobni olasiz.

Dunyo shaharlaridagi narx-navo bo‘yicha tadqiqotlar natijalari ushbu gaplar asosli ekanligidan dalolat bermoqda. Masalan, Numbeo.com sayti ma'lumotlariga qaraganda, oziq-ovqat narxlari indeksi bo‘yicha Toshkent shahri 138ta shahar ichida 135-o‘rinda turadi. Yoki boshqacha aytganda eng arzon shaharlardan biri hisoblanadi.

Masalan, bir tomonlama olinadigan transport chiptalari uchun xarajatlar bo‘yicha O‘zbekiston dunyoning 138 mamlakati orasida eng so‘nggi o‘rinlarda turadi va chiptaning o‘rtacha narxi 0,15 dollarni tashkil etadi. Ijara narxlari indeksiga ko‘ra, O‘zbekiston 118-o‘rinni egallagan.

Shuningdek, O‘zbekistonda qimmat bo‘lmagan restoranlarda bir martalik ovqatlanish 4 dollarga tushadi va bu borada, masalan, shveysariyaliklar uchun orzudagi mamlakatlardan biri hisoblanadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston bola parvarishiga ota-ona tomonidan ketkaziladigan xarajatlar (bog‘cha, maktabgacha to‘garaklar) bo‘yicha 107 mamlakat ichida 92-o‘rinda turadi, bu esa o‘z navbatida O‘zbekistonda maktabgacha ta'lim arzon ekanligini bildiradi va oyiga o‘rtacha bir farzand uchun 117 dollarni tashkil qiladi.

Kommunal to‘lovlar narxiga nazar solsak, 85 kv.m xonadon uchun qilinadigan to‘lovlar reytingida O‘zbekiston kommunal xizmatlari eng arzon mamlakatlar orasidan joy olgan (107 mamlakat orasida 105-o‘rin).

Qimmat bo‘lmagan restoranlarda bir martalik ovqatlanish narxlari bo‘yicha dunyo mamlakatlari, 2020 yil

Manba: Numbeo

Shaharlarda oziq-ovqat narxlari qanday hisoblanadi?

Biror shaharda oziq-ovqat narxlarining boshqa shaharlarga nisbatan qimmatligini hisoblash uchun bir necha yuz mahsulot turlari tanlab olinadi.

Ta'kidlash joizki, mahsulot narxiga cheksiz ko‘p omillar ta'sir etadi. Shunday ekan, narxlarni rivojlanish darajasiga bog‘lash noto‘g‘ri. Apelsin narxi va davlatlar kishi boshiga YaIM bo‘yicha ma'lumotlar tahlil qilinganda, bu ikki ko‘rsatkich o‘rtasida hech qanday bog‘liqlik aniqlanmadi. Apelsin narxi qimmat bo‘lgan rivojlangan davlatlar ham bor, rivojlanayotgan davlatlar ham bor. Apelsin narxi arzon bo‘lgan rivojlangan davlatlar ham bor, rivojlanayotgan davlatlar ham bor. Limon va banan holatida ham shunday. Boshqacha qilib aytadigan bo‘lsak, Germaniya kabi rivojlangan mamlakatda apelsin narxi 2,4 dollar bo‘lsa, Tojikistonda ham apelsin narxi 2,5 dollarni tashkil etadi. Xuddi shunday, rivojlanish darajasi bir-biridan keskin farq qiladigan Buyuk Britaniya va Moldovada apelsin narxi bir-biridan unchalik farq qilmaydi (mos ravishda 1,8 dollar va 1,6 dollar).

Manba: Numbeo

Yuqoridagilardan kelib chiqib shuni ta'kidlash joizki, bir mamlakat oziq-ovqat narxlari ikkinchi mamlakat bilan taqqoslashda turli faktorlarni inobatga olmaslik ham ilmiy, ham metodologik jihatdan noto‘g‘ri bo‘ladi.

Har bir mamlakatning milliy valutasi sotib olish qobiliyati, ish haqi va pensiyalarning sotib olish qobiliyati taqqoslanadi, dollarga o‘tkazilgan narxlar emas. Buning uchun «xarid qilish qobiliyati pariteti» ko‘rsatkichi mavjud bo‘lib, u BMT Taraqqiyot dasturining har yili chop etiladigan tahliliy hisobotlarida dunyo mamlakatlarini inson taraqqiyoti indeksiga ko‘ra taqqoslash uchun ishlatiladi. «Xarid qilish qobiliyati pariteti» yoki PPP (Purchasing Power Parity) bu iqtisodiy mahsuldorlik va mamlakatlar o‘rtasidagi turmush darajasini taqqoslaydigan mashhur makroiqtisodiy tahliliy o‘lchovlardan biri va o‘z navbatida turli mamlakatlar valutalarini «tovar savati» yondashuvi orqali taqqoslaydigan iqtisodiy nazariya.

Yuqorida ta'kidlab o‘tilgan maqolalarda olingan ba'zi mahsulotlar (apelsin, mandarin, limon, banan) aholi iste'mol savatida kam ahamiyatga ega (kam vazn berilgan) tovarlar bo‘lib, ushbu mahsulotlar aholi tomonidan doimiy ravishda emas, balki ko‘proq bayram kunlari iste'mol qilinadi. Bu tovarlarning bir martalik narxlariga asoslanib, mavsum o‘zgarish ta'sirini (ba'zi tovarlar qishda arzon, yozda qimmat, ba'zi tovarlar esa aksincha) hisobga olmasdan turib, Toshkentda oziq-ovqat narxlari dunyoda eng qimmat deyish to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Malika Jumaniyozova, iqtisodchi.

Ko‘proq yangiliklar: