Mirza Azizov xalqaro mutaxassislar tavsiyalari bo‘yicha davolangan - Zangiotadagi shifokorlar marhum aktyor bilan bog‘liq vaziyatga izoh berishdi

Jamiyat 11:39 / 30.04.2021 69652

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasida bo‘lib, mutaxassislarga murojaat qildi, shuningdek, marhumning yaqinlari bilan ham bog‘landi. 

Ma'lum bo‘lishicha, marhum Mirza Azizov Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga shu yilning 23 mart kuni murojaat qilgan. Bemorda koronavirusga PZR test tahlili musbat, o‘pka to‘qimasi 60-65 foizgacha zararlangani va organizmning kislorodga to‘yinganligi – saturatsiya darajasi 78-80 foiz bo‘lgani uchun bemorning umumiy ahvoli og‘ir deb baholanib, shifoxonaning B-blokidagi 2-reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. 

Bemorning kasallik tarixi o‘rganilganda, shifoxonaga kelishidan oldin 17 mart kuni ham PZR test tahlili topshirgani va tahlil natijasi musbat chiqqani ma'lum bo‘lgan. 18 mart sanasida esa bemorda tana haroratining 38 darajagacha ko‘tarilishi, nafas olishi qiyinlashishi, umumiy holsizlik kuzatilgan. 

Shifoxonaga borgunga qadar uy sharoitida 4 kun davomida davolangan. 22 mart kuni turmush o‘rtog‘i va farzandlarida ham tana harorati ko‘tarilishi kuzatilgani sababli bemor bilan birgalikda 23 mart kunida Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga murojaat qilgan.

Shuhrat Rizayevning maqolasida marhum reanimatsiya bo‘limiga olinganda o‘zini alohida xonaga o‘tkazishda yordam so‘rab murojaat qilgani aytiladi. Shifoxona direktori Doniyor Mirazimov bemorlar nima uchun reanimatsion zalga joylashtirilishi kerakligi haqida atroflicha tushuntirish bergan.

«Reanimatsiya bo‘limi jahon standartlariga mos ravishda jihozlangan. Shifoxonamizning reanimatsiya bo‘limi 36 nafar bemorga mo‘ljallangan bo‘lib, 6ta reanimatsion zaldan iborat. Butun dunyo shifoxonalarining reanimatsiya bo‘limlarida bo‘lgani kabi bir zalda 6 nafar o‘ta og‘ir bemorga reanimatsion va intensiv yordam ko‘rsatiladi.

Har bir zalda 1ta reanimatsion post tashkil qilingan bo‘lib, 1 nafar reanimatolog shifokor, 2 nafar reanimatsiya hamshirasi, 1 nafar kichik tibbiy xodim sutkasiga 3 smenada doimiy ravishda bemorlarni nazorat qilib turadi. 

Faqat bizning shifoxonada emas, balki dunyodagi eng yetakchi klinikalar, masalan, Isroildagi Ichilov markazi va Assuta markazi, AQShdagi Jons Hopkins universiteti shifoxonasi va Sedars-Sinay tibbiyot majmuasi, Germaniyadagi Myunxen universiteti klinikasi va Sharite tibbiyot majmuasi, Janubiy Koreyadagi Gachon tibbiyot universitetining Gil shifoxonasi va Buyuk Britaniyadagi Greyt-Ormond-strit shifoxonalarining reanimatsion bo‘limlarida ham xuddi shunday tartib joriy qilingan.

Ta'kidlash zarurki, reanimatsiyaga olingan bemorni alohida xonaga joylashtirishning bir qancha muammolari bor. Reanimatsion zalda birgina kardiomonitor qurilmasi orqali 6 nafar bemorning ko‘rsatkichlarini bir vaqtning o‘zida nazorat qilib turish mumkin. Bunday bemorlarni alohida xonaga joylashtirishning qiyinchiligi shundaki, agar bemorning ahvoli og‘irlashgudek bo‘lsa, asosiy mutaxassislar uning yoniga zudlik bilan yetib borishi uchun vaqt ketishi mumkin.

Bizni tanqid qiluvchi hamyurtlarimiz bunday vaziyatda bir soniyaning ham ahamiyati bebaho ekanini o‘ylab fikr bildirganlari yaxshi edi», degan Mirazizov. 

Qariyb bir oy davomida Mirza Azizovning muolaja ishlariga bevosita rahbarlik qilgan reanimatsiya bo‘limi boshlig‘i Begali Hakimovning aytishicha, bemorning holati kuchli mutaxassislar nazoratida bo‘lib turgan.

Begali Hakimov

«Shifoxonamizdagi boshqa og‘ir ahvolda yotgan bemorlar qatori marhum Mirza Azizovning ham ahvoli nafaqat mamlakatimizdagi yetakchi shifokorlar, balki jahonning sohadagi eng nufuzli mutaxassis olimlari tomonidan o‘rganilib, kerakli tavsiyalar olib turildi.

Xususan, oxirgi marta Moskva sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh reanimatologi, professor, tibbiyot fanlari doktori M.Zamyatin hamda yurtimizning yetakchi professorlari ishtirokida bemor bevosita tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, konsultatsiyalar tashkil qilindi. Ularning tibbiy ko‘rsatma va maslahatlari asosida intensiv davo muolajalari davom ettirildi», deydi u. 

Bemorning turmush o‘rtog‘i T.Azizovaning holati 9 kunda,  boshqa oila a'zolarining ham umumiy holati 7 kundayoq yaxshilanib, kasallikdan forig‘ bo‘lganligi uchun uyiga ruxsat berilgan. Keyinchalik bemorning talabiga ko‘ra, turmush o‘rtog‘i unga qarovchi sifatida chaqirildi. Biroq bemordagi yurak ishemik kasalligi, xafaqon kasalligi 2-3 darajasi, qandli diabetning 2-turi, semizlik 2-darajasi kabi hamroh kasalliklar fonida uning umumiy ahvoli og‘irlashib bordi. 5 aprel kuni qayta o‘tkazilgan MSKT tekshiruvida o‘pka to‘qimasining zararlanishi 70-75 foizga oshgani kuzatildi.

Shu yilning 16 aprel kuni olib borilgan intensiv davo muolajalariga qaramasdan, bemorda klinik o‘lim holati, ya'ni yurak faoliyatining to‘xtashi kuzatildi, bemorda o‘tkazilgan reanimatsion choralarga qaramasdan biologik o‘lim holati qayd etilgan. 

Ma'lum qilinishicha, bemorda o‘tkazilgan intensiv davo choralarining har bir bosqichini turmush o‘rtog‘i Tojibar Azizova ham kuzatib borgan. U marhumning shifoxonadagi holati, uning hayotini saqlab qolish uchun shifokorlar tomonidan olib borilgan tezkor choralar haqidagi fikrlarini bildirib o‘tgan.

«Afsuski, bugun ijtimoiy tarmoqlarda turmush o‘rtog‘imning vafoti to‘g‘risida tarqalayotgan turli asossiz ma'lumotlarni o‘qib, xafa bo‘lyapmiz. Go‘yoki, ushbu xabarlarda Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasida bemorlar uchun yetarli sharoit bo‘lmagani tufayli Mirza akam vafot etgandek. Ochig‘ini aytsam, men faqat ko‘rgan narsalarimgagina ishonaman. Shu bois, umr yo‘ldoshimning so‘nggi kuniga qadar yonida bo‘lgan inson sifatida shuni ishonch bilan ayta olamanki, ushbu muassasada mehnat qilayotgan kichik xodimdan tortib, hamshira, feldsher va shifokorlargacha Mirza akamning sog‘ayib ketishlari uchun yurakdan ishlashdi. Ishoning, qo‘llaridan nima kelsa, qaysi davo muolajasi zarur bo‘lsa, amalga oshirdilar. 

Rahmatli turmush o‘rtog‘im tabiatan nozikta'b inson edilar. Shifokorlarning qat'iy talablariga ham uncha e'tibor bermasdan, biroz erkalik qilganlari bor gap. O‘zlari «mendan og‘ir ahvoldagi bemorlar ham sog‘ayib chiqyapti, mening ahvolim o‘nglanmayapti» degan gapni ko‘p aytdilar. Oradan biroz vaqt o‘tib, o‘ylab ko‘rsam, shifokorlarning talablarini so‘zsiz bajarganimizda Mirza akamni saqlab qolish mumkinmidi, degan xayolga boraman.

Shifokor va hamshiralarning umr yo‘ldoshimga ko‘rsatgan g‘amxo‘rliklaridan butun oilamiz bir umr minnatdormiz. Qaniydi, shifoxonaga kirishga imkon bo‘lsa-yu, o‘sha yerdagi barcha hamshira va shifokorlarni bir-bir bag‘rimga bosib, ularga beminnat xizmatlari uchun rahmatlar aytsam», deydi u.

Ko‘proq yangiliklar: