Deputat Rasul Kusherbayev AlterEgo loyihasiga bergan intervyusida deputatlik faoliyati, qiyinchiliklari, jim yuruvchi deputatlar xususida fikr bildirdi.
«Deputatlar ishi ko‘rinmasligi, ularning ko‘pchiligini deyarli hech kim bilmasligining sabablari bor. Fikrimcha, birinchi sabab ichki senzura, bezovtalanish bo‘lsa kerak. Insonning mustaqil irodasi bo‘lishi kerak. Oddiy qilib aytganda, jasoratli bo‘lish talab etiladi. Sen shu lavozimda ekansan, nimanidir aytishing yoki talab qilishing zarur. Lavozimdan ketgach, biror narsani qilishdan foyda yo‘q.
Har bir deputatning ma'lum mavzuga nisbatan o‘z qarashlari, fikri bor. O‘ylaymanki, deputatlik bu shunchaki jimgina ishlab, vaqt o‘tkazadigan ish emas. Deputatlik shunchalik qaynoq sohaki, sen hokimiyatdan nimanidir yaxshi tarafga o‘zgartirishini talab qilishing kerak. Deputat bo‘lish uchun katta miyali bo‘lish shartmas. Asosiy shart – erkin iroda va dadillik. U qulay fursatdan, imkoniyatdan foydalana olishi, kerakli joyda gapirishi, zarurini talab qila olishi kerak. Yong‘indan keyin harakat qilishning ahamiyati yo‘qoladi.
Ko‘pchilik o‘ylaydi: deputat aqlli bo‘lishi kerak, deydi. To‘g‘ri, bu fikrga qo‘shilaman. Bilimning o‘zi yoki professorlarga xos aql deputat uchun asosiy talablar emas. Professor bo‘lsang-u, o‘z vaqtida natijaga erisha olmasang, bu bilimlarning kimga keragi bor?
Xalq oldida chiqish qilishni, ma'lum mavzuni ko‘tarib chiqishni istamaydigan deputatlar shunchaki o‘z xotirjamligini o‘ylaydi. Qanchalik kamroq faol bo‘lsangiz, shunchalik muammolaringiz kamroq bo‘ladi. Ko‘p «baqir-chaqir» qilsangiz, deputatlik so‘rovi yuborsangiz, omma oldida chiqish qilsangiz, sizda muammolar o‘z-o‘zidan ko‘payadi. Shaxsan mening faoliyatimga to‘g‘ridan to‘g‘ri va rasmiy tahdidlar bo‘lmagan», – dedi Kusherbayev.