U kasallikka chalinib yotib qolishi, ko‘rilgan choralar, ko‘ngildagidek o‘tmagan operatsiyasi, qashshoqlikda o‘tayotgan kunlari va oilasi haqida hikoya qilib berdi.
«2015 yilda chap oyog‘imda cho‘loqlanish paydo bo‘ldi. Bungacha biror surunkali kasallik yoki og‘ir kasal bo‘lmagan edim. MRT qildirganimizda aytishdiki, orqa miya ko‘krak sohasida o‘sma bor ekan va shifokorlar bir-ikki oy ichida zudlik bilan operatsiya qildirishni tavsiya qilishdi, yo‘qsa hayotim xavf ostida edi.
Biz tezda operatsiya uchun Toshkentga yetib keldik. Operatsiyadan keyin esa nafaqat oqsoqlanib bo‘lsada yurib turgan oyog‘im ishlamay qoldi, balki men butunlay to‘shakka mixlandim, hatto qo‘llarim ham qimirlamasdi. Shifokorlar keyinchalik hammasi izga tushib ketishini, doimiy reabilitatsiya qilish kerakligini, sog‘lom odamlardek yurmasam ham, qo‘ltiqtayoqda yurishim mumkinligini aytishdi.
Mening asosiy qarovchim, g‘amxo‘rim xo‘jayinim, 3 yil davomida to‘shakdan turolmagan vaqtlarimda ham yonimda bo‘ldi. Kasallikka yo‘liqishimdan avval birga novvoylik qilardik, u non olib kelib berar, men esa bozorda sotardim. Keyin esa... hammasi o‘zgarib ketdi, xo‘jayinim ham menga g‘amxo‘rlik qilish, ham oila tebratish uchun ishlardi. Dard qo‘shaloq keladimi, bilmadim, biz kasallik ortidan qashshoqlik ichida qoldik.
Shunday vaqtlar bo‘lardiki, ro‘zg‘or uchun, yegulik uchun pul topolmasdik, chunki menga har kunlik dori-darmonlar olish sillamizni quritgandi. Shunda bolalarim bilan “Allohim o‘zing robbimizsan, rizqimizni o‘zing ber” deya duo qilardik. Allohning qudrati bilan ertalab kimdir eshigimizni taqillatib, yeguliklar va pul berib ketardi.
Lekin hech qachon o‘zimga bo‘lgan ishonchni yo‘qotmay kelyapman va ishonamanki, hech bo‘lmasa, bolalarim uchun ham sog‘ayishim kerak. Maktabga majlisga chaqirishganda, o‘rtoqlari nega sening onang kelmadi desa, o‘g‘lim mening onam katta ishda ishlaydi, vaqtlari yo‘q deya asl holatni aytmaydi, aslida holatimizni barcha ustozlari biladi. Bolalarim baxtini ko‘rsam deyman.
2019 yildan qo‘llarim harakatga kela boshladi, reabilitatsion mashqlar orqali oyoqlarimni biroz bo‘lsada qimirlata boshladim. Hindistondan kelgan shifokorlar chuqur reabilitatsiya qilishni, harakatdan qolmaslikni maslahat berishdi. O‘tgan yili pandemiya sabab shifoxonaga borolmay mashg‘ulotlarimiz qolib ketdi. Turkiya yoki Hindistonda reabilitatsiyani davom ettirish uchun mehribon saxovatpesha xalqimizdan yordam umid qilyapmiz. Alloh barchalaringizdan rozi bo‘lsin», deya aziz xalqimizdan yordam so‘ramoqda buxorolik yurtdoshimiz Dildora Hasanova.
Umid qilamizki, yurtdoshlarimiz boshiga tashvish tushgan ushbu inson va uning oilasi taqdiriga befarq bo‘lmaydilar va imkonlari yetgancha yaxshilikka dalolat qiladilar. Zero, Alloh va'da qilganidek, ehsonning mukofoti faqat ehsondir.
Dildora Hasanovaga tegishli ma'lumotlar:
UZCARD: 8600 0417 9632 6370 (Dildora Hasanova nomida)
Sberbank: 5228 6005 4526 2083 (Xamraqulov Xolmamat nomida)
Telefon: +998 90 7103213 (Dildora Hasanova)