«11 yoshimdan hayotga jiddiy qaray boshladim» - soch turmaklab, kiyim to‘qiydigan ko‘zi ojiz qiz hikoyasi

Jamiyat 21:20 / 30.04.2021 18893

Zilola ipdan ko‘ylak, nimcha, sharf, shapka to‘qiy oladi. To‘qishni 12 yoshida o‘rgangan. Bundan tashqari, ingliz va rus tillarini o‘rganishga qiziqadi.

«Bizda sezgi kuchli bo‘lgani uchunmi, nima qanday chiqayotganini bilaman. Shuning uchun menga oyna kerak emas. To‘qiganda xayolim faqat to‘qishda bo‘ladi. Chunki to‘qiganda nimanidir o‘ylasangiz, to‘qish xato chiqib qolishi mumkin. Bunda xayol bir joyda bo‘lishi kerak», – deydi u.

Zilola to‘qish miyasiga dam berishi, kayfiyatini ko‘tarib, xayollardan chalg‘itishini aytadi.

«11 yoshimda mustaqil hayotim boshlandi»

Zilolaning ko‘zlari 3 yoshida ojiz bo‘lib qolgan. Bunga shifokorlarning qo‘ygan xato tashxisi va ukoli sabab bo‘lgan.

«Shundan keyin dadam bizni tashlab ketib qoldilar. Keyin onam bilan ijarada yashadik. Onam bizni qiynalib katta qildilar. 11 yoshimda onam o‘tib qoldilar. Akam ikkalamiz buvimning qaramog‘ida qoldik. Shundan keyin mustaqil hayotim boshlandi, desam ham bo‘ladi. Hayotga tayyorlanishni, jiddiy qarashni o‘rgandim», – deydi u.

Qahramonimiz imkoniyati cheklanganlar kasb-hunar maktabiga yangi muhitni xohlagani uchun kelganini aytadi.

«To‘g‘risini aytsam, birinchi o‘rinda yangi muhitni xohladim. O‘zimning yo‘nalishimga keladigan bo‘lsam, kompyuterni o‘rgandim. Yaxshi o‘rgandim demasam ham, o‘zimga yetarlicha o‘rganyapman.

Yangi muhitga kelsak, har xil odamni, ularning xarakterlarini ko‘rdim. Yana ham odamga qarab qanaqa muomala qilishni, odamga qanaqa moslashishni o‘rgandim», – deydi Zilola.

«Eng qattiq qo‘rqadigan narsam onamni yo‘qotish edi…»

«Eng qattiq qo‘rqadigan narsam onamni yo‘qotish edi. Onamni ham yo‘qotib bo‘ldim. Boshqa hech narsadan qo‘rqmayman…

Oyimning erka qizlari bo‘lganman. Oyimdan keyin aksincha bo‘ldi. Hayotim o‘zgarib ketdi. Oyim ko‘nglimga qarardilar. Hech qachon mening nogironligimdan uyalmaganlar», – deydi u.

O‘zining aytishicha, dadasi 4-5 yil oldin olamdan o‘tgan.

«Dadam xabar ham olmaganlar. Esimni tanimagan paytimda tashlab ketganlar. Dadamdan xafa ham, xursand ham emasman».

«Allohga va o‘zimga ishonish menga kuch beradi»

Zilola kasb-hunar maktabiga kelishdan oldin xolasi va buvisi qaramog‘ida bo‘lgan. Ular bilan kelisholmagani sababli uydan chiqib ketishga majbur bo‘lgan. Hozir kasb-hunar maktabida yashaydi.

«Maktabdan keyin kvartira olib, o‘zim alohida ijaraga uy olib turmoqchiman. Hech bo‘lmasa, ijara uchun kunlik pul ishlab topish uchun ham ishlamoqchiman. Hayotda ozmi-ko‘pmi har xil vaziyatlarni ko‘rdim. Qanaqadir ma'noda psixologik ancha narsa o‘rgandim. Xudo xohlasa, institutga kirsam, psixologiya darslarini o‘rganaman. Lekin asosiysini hayotdan o‘rgandim, desam ham bo‘ladi. Hayot menga yig‘lab turib kulishni, eng katta narsa – sabr qilishni o‘rgatdi.

Bunga kim qanday qaraydi, bilmayman, odamlarga ishonchim qolmagan. Faqat Allohdan umid qilaman, Allohga ishonaman, Allohga tavakkal qilaman. Allohga ishonish va o‘zimga ishonish menga kuch beradi», – deydi Zilola.

«Boshqa o‘quvchilarim kimgadir suyansa, u o‘zi uchun kurashib yashaydi»

Zilola kollejni bitirgandan keyin eng ko‘p guruh rahbari Mahfuza Shodiyorovani eslashini aytadi.

«Keyin ham esimdan chiqmaydigan odam kurs rahbarim Mahfuza opa bo‘ladilar. Ularni onamday ko‘raman. Chunki shulardan mehr oldim, qattiq gapirmaydilar», – deydi u.

Guruh rahbari Zilolani kurashuvchan qiz deb ta'rifladi.

«Zilolaning hayotga intiluvchanligi yuqori. U kurashib yashaydi. Ota-onam yo‘q deb hech qachon tushkunlikka tushmaydi. Ko‘zlari ojiz bo‘lishiga qaramasdan, doim harakatda.

Boshqa o‘quvchilarim kimgadir suyanib yashasa, u o‘zi uchun kurashib yashaydi. Kelajakda o‘zining maqsadlari, umidlari bor. O‘sha maqsad sari intiladi. Bu yoshdagi ko‘p yigitlar ham eplolmaydigan ishlarning ko‘zi ojiz bo‘lsa ham uddasidan chiqishga harakat qiladi», – deydi Mahfuza Shodiyorova.

«Ota-ona yoningizdaligida qadri bilinmaydi»

Zilola to‘rt muchasi sog‘ tengdoshlari, sog‘lom kishilarning Alloh bergan ne'matlar – qo‘l, oyoq, ko‘z, quloqning qadriga yetishlarini xohlaydi.

«Qo‘lingizdan qanaqadir ish keladimi, ishlang. Hunaringiz bormi, ishlang, degan bo‘lardim. Chunki sog‘lom odam ishlamasdan, qanaqadir maqsadsiz hayotdan o‘tib ketishi yaxshimas, deb o‘ylayman. Sog‘lardek ko‘ra olganimda edi, ishlardim deyman. Hayotimni shunaqa zo‘r qilardim deyman», – deydi u.

17 yoshida ota-onasiz, hech bir yaqinlarisiz ulg‘ayayotgan qiz ota-onasi hayot bo‘lganlarga havas bilan qaraydi.

«Ota-ona yoningizdaligida qadri bilinmaydi. Ularni yo‘qotganingizdan keyin qadriga yetasiz. Kichkina farzandlarni aka-opalari, ukalari, ota-onasi tergasa, yoqmaydi. Yosh bolamasman-ku deyishadi. Lekin men yonimda meni ham tergaydigan odam bo‘lishi xohlardim», – deydi Zilola.

Zuhra Abduhalimova,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi – Mirvohid Mirrahimov.

Ko‘proq yangiliklar: