Masjidlar va diniy ta'lim muassasalarining binolarini qurish, ta'mirlash, rekonstruksiya qilish, obodonlashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash «Vaqf» xayriya jamoat fondining asosiy vazifalaridan hisoblanadi, deya xabar bermoqda fond matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, fond tomonidan O‘zbekistondagi masjidlar va diniy ta'lim muassasalariga kitoblar va ta'lim uchun zarur moddiy texnikalar beg‘araz taqdim etib kelinmoqda.
«Jumladan, joriy yilning aprel oyi davomida poytaxtimizdagi 3 ta diniy ta'lim dargohlariga ham jami qiymati 495 299 000 so‘m qiymatdagi zamonaviy kompyuter jihozlari xayriya qilindi
Xususan:
- Toshkent islom institutiga 142 779 000 so‘mlik 19 ta kompyuter jamlanmasi, 1 ta smart-doska va printer;
- «Ko‘kaldosh» o‘rta maxsus islom bilim yurtiga 187 954 000 so‘mlik 9 ta smart-doska va texnik jihozlar;
- «Xadichai Kubro» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalariga 164 566 000 so‘mlik 10 kompyuter jamlamasi, smart-doska, zamonaviy foto-video kamera hamda printer homiylar hisobidan xayriya qilindi.
Umid qilamizki, ushbu texnik jihozlar ta'lim sifatini yanada oshirish va takomillashtirishga hissa qo‘shib, talabalarimizni ham diniy ham dunyo bilimlarni puxta egallashlarida yordam beradi.
Mazkur xayriyaga hissa qo‘shgan barcha saxovatpesha insonlarni Alloh taolo mukofotlasin!» – deyiladi rasmiy relizda.