Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida uchta mashina ishtirokida ayanchli yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Oqibatda haydovchilardan biri va yana bir yo‘lovchi vafot etgan. Bu haqda Dehqonobod tumani hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, bugun 29 aprel kuni soat taxminan 09:00da M39 Olmaota – Toshkent – Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Dehqonobod tumanidan o‘tgan 1284-kilometrida Termiz – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanayotgan «Kobalt» qarama-qarshi tomondan kelayotgan «Neksiya» mashinasi bilan to‘qnashishdan qochib, boshqaruvni yo‘qotgan. So‘ng «Jiguli»ga borib urilgan.
Oqibatda «Jiguli» boshqaruvidagi 1995 yilda tug‘ilgan haydovchi Q.D. voqea joyida vafot etgan. «Jiguli»da yo‘lovchi sifatida ketayotgan 26 yoshli ayol esa og‘ir tan jarohatlari olib, tuman shifoxonasiga olib borguncha yo‘lda vafot etgan. Qolgan haydovchilar va yo‘lovchilar ham turli darajada tan jarohatlari olgan.
Qayd etilishicha, holat yuzasidan Dehqonobod tuman IIB va YHXB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.