Qashqadaryoda yoshlarga ajratilgan yerni fermer tortib olmoqchi bo‘ldi

Jamiyat 15:27 / 24.04.2021 1727

Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida davlat dasturiga ko‘ra yoshlarga ajratib berilgan va ular tomonidan turli ekinlar ekilgan yerni shu tumanda faoliyat ko‘rsatayotgan «Almat archasi» fermer xo‘jaligi raisi Ilhom Xo‘jaqulov tortib olmoqchi bo‘lgan. U mazkur yer maydoni kadastr agenligi xodimlarining xatosi bilan yoshlarga yanglish tarqatilganini ma'lum qilgan. Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Dehqonobod tumanidagi «Almat archasi» fermer xo‘jaligiga tegishli 124-konturdagi 7 gektar yerni kadastr agentligining tuman bo‘limi xodimi anglashilmovchilik bilan Almat qishlog‘ida yashovchi yoshlarga 44 sotixdan o‘lchab bergan. Yerga egalik qilgan yoshlar esa, mazkur hududga ekin ekkan. Bundan xabar topgan fermer yer o‘ziga tegishliligini aytib, yoshlardan yerni olib qo‘ymoqchi bo‘lgan.

Biroq, tuman hokimligi tomonidan fermerga bu yerlar yoshlar bandligini ta'minlash maqsadida ularga bir yillik shartnoma asosida berilgani, kadastr agentligi xodimi xatoga yo‘l qo‘ygani tushuntirilgan. Shundan so‘ng, fermer yoshlarni hosilini yig‘ib olgunga qadar bezovta qilmaslikka va'da bergan. 

Ammo vaziyatga oydinlik kiritgan kadastr agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i Baxtiyor Salomov fermer ayni kungacha foydalanib kelgan 134-konturdagi 10 gektar yer aslida tuman zaxirasida bo‘lganini aytgan. Uning bildirishicha, fermer tuman zaxirasidagi yerdan o‘zboshimchalik bilan foydalanib kelgan bo‘lishi ham mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: