Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar pedagoglariga qo‘yiladigan talablar ma'lum qilindi

Jamiyat 16:31 / 24.04.2021 7378

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga hamda hududlarda qurilayotgan prezident maktablariga malakali pedagog kadrlarni jalb qilish, ularni saralash maqsadida agentlik tomonidan job.piima.uz sayti tashkil etildi.

Unga ko‘ra, tanlov quyidagi uch bosqichda tashkil etiladi:

  • veb-saytda ariza berish va hujjatlarni taqdim qilish;
  • test sinovlari;
  • suhbat (onlayn/oflayn).

Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan nomzodlar muvofiq shaklda job.piima.uz veb-sayt orqali murojaat qilishi lozim.

Test Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan tuzilgan test sinovlari asosida o‘tkaziladi. 

Nomzod onlayn test-platformasi orqali yoki qog‘oz varianti shaklida 40 savoldan iborat test topshiradi. Test sinovlari 100 ballik tizimda bo‘lib, undan 50 va undan yuqori ball olgan nomzod suhbatga chaqiriladi.

Suhbat jarayonida berilgan savollar va ularga berilgan ballar maxsus shaklda qayd etiladi.

Suhbat yakunlari bo‘yicha komissiya a'zolari tomonidan nomzodga qo‘yilgan ballar avtomat tarzda umumlashtiriladi va o‘rtacha ball hisoblab chiqariladi.

Suhbat jarayonida 65 balldan yuqori olgan nomzod ishga taklif qilinadi.

Teng natijalar yuzaga kelgan holda, ya'ni bir nechta nomzod bir xil umumiy ball to‘plagan vaziyatda, nomzodni tanlash tanlov komissiyasi ixtiyoriga qoldiriladi.

Nomzod tanlov jarayonida uzrsiz sababga ko‘ra ishtirok etmagan bo‘lsa, unga nisbatan «tanlovdan o‘tmadi», degan qaror chiqariladi.

Agentlikka ko‘ra, talabgorlar qat'iy belgilangan mezon asosida tanlab olinadi. Saralash bosqichma-bosqich o‘tkazilib, barcha ma'lumotlar nomzodlar qaysi bosqichda, qanday natija ko‘rsatganliklarini kuzatib borish uchun job.piima.uz saytiga joylanadi.   

Bundan tashqari, sayt bazasida malakali pedagog kadrlarning o‘ziga xos zaxirasi tashkil etish rejalashtirilgan. Keyinchalik tizimdagi maktablarda kadrlar zaruratiga qarab ular jarayonga jalb etilishi mumkin.

Bundan avval Prezident maktablariga kirish imtihonlari savollari namunasi e'lon qilingan edi.

Ko‘proq yangiliklar: