Qamoqxonalarda jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning turli sabablar tufayli vafot etgani haqidagi gap so‘zlar ahyon-ahyon qulog‘imizga chalinib turadi. Bugun biz to‘xtalmoqchi bo‘lgan voqea ham bir mahkumning qamoqxonada o‘lim topgani bilan bog‘liq. Ammo bu o‘lim hodisasining biroz sirli ekani diqqatimizni tortdi.
Kun.uz tahririyatiga chustlik Mehrixon Botirovaning murojaati kelib tushdi. Unda aytilishicha, sodir etgan og‘ir jinoyati uchun bundan 5 yil muqaddam ozodlikdan mahrum etilgan, endigina 30 yoshni qarshilagan o‘g‘li Shuhrat A'zamov shu yilning 26 mart kuni jazo muddatini o‘tayotgan Qarshi shahri Shayxaliqo‘rg‘oni qamoqxonasida vafot etgan.
Muassasa ma'muriyati o‘lim sababini «o‘z joniga qasd qilish» deb ko‘rsatgan. Ammo iztiroblar ichida yashayotgan ona farzandining o‘z joniga qasd qilganiga ishonmayapti.
Shuhrat A'zamov o‘limidan ikki kun avval onasiga notanish raqamdan, noma'lum shaxs orqali qo‘ng‘iroq qiladi. Onaning so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘lini bog‘lab bergan shaxsning biroz tili chuchukroq, gapiga to‘liq tushunib bo‘lmaydigan holda gapirgan.
«Gapiga tushunmadim. Kimligini so‘raganimda Shuhratning onasimi dedi, ha, deganimdan so‘ng o‘g‘limga berdi», – deydi ayol. Uning aytishicha, o‘g‘li undan hol-ahvol so‘rab, sog‘inganini aytgan.
«Dadasi o‘tib qolgandan keyin menga rosa suyanib qolgandi. O‘g‘limdan ahvolini so‘radim, tuzukmisan, boshing og‘rimayaptimi dedim. Yaxshiman, hech qayerim og‘rimayapti, aya, dedi. Ertaga boraymi desam, kelganingiz bilan kiritmaydi dedi. O‘zingizni ehtiyot qiling deya telefonni qo‘ydi», – deya so‘nggi so‘zlashuvni xotirlaydi Mehrixon Botirova.
Mehrixon Botirova shundan keyin farzandi bilan boshqa gaplashmagan. Oradan ikki kun o‘tib yana telefon bo‘ladi. Qamoqxonadan kelgan qo‘ng‘iroqqa onaxon emas, katta o‘g‘li javob beradi. Telefon qilgan shaxs Shuhratning sog‘ligi yomonlashgani, tezroq kelishini va onasini olib kelmaslikni tayinlaydi.
«Ko‘nglim bir narsa bo‘lganini sezdi. Borsak, o‘g‘limni olib kirib ketishdi. Men boshliqning xonasiga kirib o‘tirdim. Ular meni so‘roq qilishdi, oilam, ular kim, qayerda ishlaydi, deb birma-bir 2 soat davomida so‘rayverishdi. Men bolamni ko‘ray desam, olib o‘tiraverishdi», – deydi Mehrixon Botirova.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qon bosimi oshib ketgani sababli qamoqxona hamshirasi dori bergan va ukol qilgan. Oradan 2-3 soat o‘tgach, Shuhratning yaqinlarini kasalxonaga olib borishadi. Ona shifoxonaga borgandagina o‘g‘lining o‘lganini bilgan.
Onaning aytishicha, o‘g‘li shu yilning aprel oyida jazoni ijro etish muassasasidan bo‘shatilib, Namangan viloyatining o‘zidagi manzilli koloniyalardan biriga o‘tkazilishi kutilayotgan bo‘lgan.
Marhumning akasi ukasining o‘limi haqida so‘raganda uning o‘z joniga qasd qilgani aytilgan. Jasad olib kelinib, marhumning qarindoshlari jasadni ko‘rgandan so‘ng o‘zini osganiga ishonishmagan. Mehrixon Botirovaning ukasi va kelini shifokor va ular qaytadan ekspertiza qildiramiz deya harakat qilishadi. Lekin ruxsat bo‘lmaydi.
Marhumning jasadi 29 mart kuni olib kelinib, 30 mart kuni dafn etiladi.
Hodisa yuzasidan izoh olish maqsadida Ichki ishlar vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Shohrux G‘iyosov va IIV huzuridagi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi axborot xizmati xodimi Shahrizod Shokirovlar bilan bog‘landik. Har ikkala mulozim ham holat yuzasidan deyarli bir xil – maxsus prokuratura tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borayotgani, boshqa har qanday ma'lumot prokuratura organi tomonidan berilishi mumkinligini ma'lum qilishdi.
Bosh prokuraturaning Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Hayot Shamsutdinovning ma'lum qilishicha, Qashqadaryo viloyat IIB Jazoni ijro etish bo‘limi 2-son koloniyasida jazo muddatini o‘tab kelayotgan mahkum Shuhrat A'zamov shu yil 28 mart kuni soat 16 larda koloniya ishlab chiqarish korxonasining alebastr saqlash omborxonasi to‘siniga telefon kabeli bilan o‘zini osib, joniga qasd qilgan. Holat yuzasidan Qarshi maxsus prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
So‘zimiz avvalida Shuhrat A'zamovning o‘limi sirli ekani haqida aytgan edik. Taassufki, mas'ullarning jamoatchilikka hodisa haqida ma'lumotlarni oshkor qilishni istashmayotgani mahkumning o‘limi atrofida turli shubha-gumonlar yanada urchishiga sabab bo‘lmoqda.
Chiroqchilik Yusuf Abdurahmonov yoki andijonlik Alijon Abdukarimov IIB xodimlarining jismoniy qiynoqlari sabab vafot etgani hali jamoatchilikning yodidan ko‘tarilib ulgurgani yo‘q.
O‘z oilasi bag‘rida yurgan ozod va erkin fuqaroning taqdiri shu zaylda yakun topganda, mahkumning qamoqxona panjaralari ortida o‘lim topishi «baxsiz hodisa» ekani haqida bildiriluvchi har qanday izoh kishi qalbidagi shubhani yo‘qota olmasa kerak.
Toxirjon Tursunov,
Boymirza Xalilov