Elektr, suv va gaz hisoblagichlari qanday tartibda qiyoslashdan o‘tkaziladi?

Jamiyat 19:10 / 23.04.2021 6248

Hammamizga ma'lumki, kundalik hayotda foydalanilayotgan hisoblagichlar yuzasidan ta'minotchi va xonadon egalari orasida ba'zan savollar va munozarali holatlarga duch kelinadi. Aslini olganda bu savol va munozaralarga o‘rin yo‘q. Negaki hukumat tomonidan bu masalalar tegishli qaror asosida tartibga solingan.

Bu masalalarda siz bilishingiz kerak bo‘lgan muhim ma'lumotlardan biri qiyoslashdan o‘tkazilgan va foydalanilayotgan hisoblagichlarning qiyoslashlararo davriyligi 2019 yil 1 noyabrdan jismoniy shaxslar uchun 8 yil, yuridik shaxslar uchun esa 4 yil etib belgilangan. Unutmang, hisoblagichlarga 2019 yil 1 noyabrga qadar rasmiylashtirilgan qiyoslash sertifikatlarining amal qilish muddati o‘z kuchida qoladi.

Endilikda xonadon egasi uydagi hisoblagichlarni yechib olish, qiyoslashga taqdim etish va qayta o‘z o‘rniga o‘rnatish tashvishidan butunlay ozod qilingan. Barcha harakatlar uy egasining birgina murojaati va belgilangan to‘lovi asosida ta'minotchi korxonalar (elektr energiya bo‘yicha — Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi, tabiiy gaz bo‘yicha — Hududiy gaz ta'minoti tashkilotlari, suv bo‘yicha — Ichimlik va issiq suv ta'minotchi korxonalar) xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 20 avgustda qabul qilingan 698-son qaroriga asosan elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suv hisoblagichlarni yechish, qiyoslashdan o‘tkazish va o‘rnatish bo‘yicha Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshirilishi belgilangan.

Shuningdek, ushbu qarorda barcha hisoblagichlar O‘zbekiston milliy metrologiya instituti (O‘zMMI) tomonidan qiyoslashdan o‘tkazilishi belgilangan.

Hisoblagichlarni qiyoslashdan o‘tkazish uchun yechib olish va qiyoslash ishlari yakunlangandan so‘ng joyiga o‘rnatish ishlari faqatgina ta'minotchi korxonalar tomonidan iste'molchi bilan kelishilgan vaqtda, uning ishtirokida tegishli dalolatnoma tuzgan holda bajariladi.

Hozirda O‘zMMIda murojaatlar bilan ishlash uchun metrologiya.nim.uz dasturiy ta'minoti yaratilgan va dasturiy ta'minot Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga integratsiya qilingan bo‘lib, ushbu tizimidan murojaatlar kelib tushmoqda. Qiyoslash uchun ariza bergan kishi o‘zining maxsus ID raqami orqali metrologik xizmat ko‘rsatish ishlari qaysi holatdaligi yoki xulosasini yuklab olishi mumkin.

Yangi dasturiy ta'minot yordamida hisoblagichlar uchun rasmiylashtirilgan guvohnoma (sertifikat) yoki xabarnomalar elektron shaklda bazada saqlangan holda rasmiylashtirilmoqda.Bu esa o‘z navbatida aholi uchun qulaylik bo‘lib, rasmiylashtirilgan guvohnoma (sertifikat) yoki xabarnomani soxtalashtirishning oldini olish, rasmiylashtirilgan yoki yo‘qolgan guvohnoma (sertifikat) yoki xabarnomani istalgan vaqtda internet yordamida bazadan yuklab olish imkoniyatlarini beradi.

Hisoblagichlarni qiyoslovdan o‘tkazilgandan so‘ng rasmiylashtirilgan elektron shakldagi guvohnoma (sertifikat) yoki xabarnoma asliga to‘g‘riligini tekshirish va ishonch hosil qilish uchun maxsus QR-kod tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Maxsus QR-koddan foydalanish uchun iste'molchi o‘z telefoni yordamida QR-kodni skanerlasa kifoya.

Eslatib o‘tamiz, hisoblagich nosoz holatda bo‘lsa, uni ta'mirlash yoki yangisiga almashtirish, ta'minotchi korxona zimmasiga yuklatilgan. Bunda ta'minotchi korxona hisoblagichni ta'mirlash yoki yangisiga almashtirishni talab qilishga haqlisiz.

Qarorga muvofiq ta'minotchi hisoblagichni yechib olgandan so‘ng o‘n besh ish kundan ortmagan vaqt mobaynida barcha ishlarni yakunlab qayta o‘rnatishi shart.

 

O‘zbekiston milliy metrologiya instituti
Matbuot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: