Otaxon har yili o‘rik gullaganida hovliga chiqib, ko‘klam nafasi ufurib turgan havodan to‘yguncha simiradi, o‘rik gulini to‘yib-to‘yib hidlaydi...
U oppoq rangga burkangan o‘rik gullarini ko‘rganida bolaligi, tug‘ilib o‘sgan qishlog‘i, ota-onasi esga tushadi. Dovuchchalar terib yeb, ko‘cha changitib yurgan bolalik damlari ko‘z o‘ngida gavdalanadi.
Hovuzdagi baliq
2001 yil. Nuriddin tog‘a o‘shanda Namangan shahridagi Saxovat uyida edi. Kunlarning birida yaqin do‘sti uning qo‘liga jurnal tutqazdi. Jurnalda Farg‘ona shahridagi Saxovat uyi sahnidagi hovuzda boqilayotgan baliqlar haqida hikoya qilingan edi. Endi u har dam Farg‘onadagi Saxovat uyi haqida o‘ylar, jurnalda ko‘rgan baliqlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgisi kelardi...
U niyatiga yetdi — kindik qoni to‘kilgan shaharni tark etib, Farg‘onaga keldi. Saxovat uyiga kirib eng birinchi qilgan ishi hovlidagi baliqlarni ko‘rish bo‘ldi. U endi bu yerdan Namanganga qaytib ketgisi kelmas, Farg‘onada bir umr qolishni ich-ichidan istar edi.
Nuriddin tog‘a Saxovat uyi rahbariga yoshligida ko‘p yillar agronom bo‘lib ishlagani, qo‘lidan bog‘bonlik kelishini aytganida, direktor uni darhol bog‘bonlikka olib qoldi. U endi bu yerda yashab, hovlidagi gulzor va daraxtlarni parvarish qila boshladi. Eng asosiysi, hovuzdagi baliqlarga har kuni ko‘zi tushar edi...
Bolalik damlari...
1941 yil Stalingradda jang qilgan otasidan qoraxat keladi. Otasi vafotidan so‘ng, onasi turmushga chiqib ketadi. Nuriddin tog‘a oilada to‘ng‘ich farzand bo‘lib, undan keyin singlisi bor edi. Ona singlisini o‘zi bilan birga olib ketganidan keyin u bobosi qo‘lida tarbiyalandi.
Farg‘ona Saxovat uyiga kelishi...
U Mahmudjon degan tojikistonlik do‘sti bilan baliqlarga qiziqib, Farg‘onaga kelib qolganini aytib berdi.
«Bu yerda Klara Qosimova degan bosh vrachga duch keldik. U bizni Saxovat uyi direktori bilan yuzlashtirdi. Men direktorga Saxovat uyiga bog‘bonlik qilish uchun kelganimni aytdim.
2001 yil 27 iyun kuni Farg‘onaga butunlay keldim. 10-bo‘limga joylashdim. Oradan 7 kun o‘tib, bog‘bonlikka kirishib ketdim. Arra, bolta, ketmon kabi ish qurollari qilib berishdi...»
Oilasi
«1937 yilda Namangan tumanidagi Toshbuloq qishlog‘ida tug‘ilganman. Urushda otamdan qoraxat kelgach, onam Tojimaston aya turmushga chiqib ketdi. Bobom meni o‘zi bilan olib qoldi. Singlim Kimyoxon onam bilan birga ketgan. Onam boshqa turmushdan 2 qiz va 1 o‘g‘il farzand ko‘rdi. Keyinchalik ulg‘ayib onamni topib borib, unga uy olib berganman. Chunki onamning keyingi oilasidagi holati yaxshi emas ekan. Onam uzoq yashadi, 117 yil umr ko‘rdi...
Bobom Mamatqul bilan birga yashab yurdim. O‘qishlarni bitirdim. Paxta zavodda ishladim. Qishloqda meni «yozuvchi» deb atashardi. Chunki nohaqliklarni ko‘rib chidab tura olmay, feleton yozardim. Buning orqasidan ko‘chalarda kaltak yegan kunlarim ham bo‘lgan...», deydi otaxon.
Muxbirlik...
«Mamatqul bobom maktabga bormasimdan avval menga harflarni tanitgan edi. Shu sabab maktabda qiynalmay o‘qidim. Dadamning onalari ham o‘qimishli ayol bo‘lganlar.
Qishloq xo‘jaligi texnikumida o‘qidim. Keyin esa Namanganda universitetning siyosatshunoslik fakultetida tahsil oldim. 1958 yil o‘qishni tamomlab, 2 yil «Pobeda», «Dmitrov» kolxozlarida agronom bo‘lib ishladim. 1961 yilda Namangan shahridagi paxta zavodda, 1967 yilda Obodonlashtirish boshqarmasida faoliyat yuritdim. 1980 yil gulchilik bilan shug‘ullanib, 1985 yilda pensiyaga chiqdim.
Bobom har zamon redaksiyaga olib borar edi. Kunlarning birida o‘qishdan chiqib, tahririyat binosidan yonidan o‘tib ketayotsam, bir odam «Nuriddin to‘xta, sen Mamatqulga kim bo‘lasan?» deb qoldi. Uning nevarasi ekanimni aytganimda meni o‘zi bilan birga redaksiyaga olib kirib ketdi va tanishtirib, bu yerga tez-tez kelib turishim kerakligini aytdi, ishlash qoidalarini tushuntirdi.
Sekin-astalik bilan ishga kirishib, kunlar o‘tib muxbirlik qila boshladim. 1958-59-yillarda o‘sha gazetaning Farg‘ona, Andijon, Namangan viloyatlaridagi muxbiri bo‘lganman. Ota urug‘im Karim aka garajda 180ta mashinaga nazoratchi edi o‘sha paytda.
Bitta bo‘sh turgan Villis mashinasini berib, «mana shuni minib yurgin, baribir bo‘sh turibdi» dedi. U mashinani ustaga ko‘rsatib tuzatib oldim va endi Villisda joylarga borib muxbirlik qila boshladim. Muxbirlik qilishim uchun gazetadan menga fotoapparat va boshqa kerakli jihozlar berishdi...»
Ahmadjon Odilovning ish faoliyatini yoritish uchun uning oldiga ham borganman. Uning baliqxonasi, otlari va suruv qo‘ylarini suratga oldim. Tog‘ yonbag‘riga 2 qavatli qilib uylar solib tashlagan ekan. Hali-hanuz ko‘z o‘ngimda. Uning «Shirin» degan choyxonasi bor edi tepalikda. Shunday qilib, muxbirlik qilib yurgan paytimda Ahmadjon Odilov bilan 3 marta uchrashganman».
Farzand tarbiyasi
Otaxon bo‘z yigitligida ro‘zg‘or tebratish uchun juda ko‘p joylarda ishlab chiqqanini so‘zlab berdi.
«Uylanib, ikki o‘g‘il va ikki qizli bo‘ldim. Mashrab bog‘ida direktor o‘rinbosari bo‘lib ham ishladim. Undan keyin boshqa tashkilotlarda ham faoliyat olib bordim. Farzandlarimni o‘qitaman, deb yetishmovchilikdan qo‘shimcha ishlar ham qilib yurdim. Qurilishlarda ustalarga loy tayyorlab berardim. Uylarda elektromontaj, loy, suvoq ishlarini qilib farzandlarimni o‘qitdim.
Bir qizim Moskvada o‘qidi. Umri qisqa ekan, avtohalokatga uchrab vafot etdi. Kichik qizim hozir Namanganda yashaydi. U mendan tez-tez xabar olib turadi. Katta o‘g‘lim Leningradda harbiy sohaga o‘qigan edi, o‘qishni tamomlab o‘sha yerda qolib ketdi. Kichik o‘g‘lim esa oilasi bilan Qozon shahrida yashaydi.
O‘g‘illarim 5 yilda bir marta kelib ketadi O‘zbekistonga. Kichik qizim pensiyaga chiqqan. Bir oyda bir marta kelib ko‘rib ketadi. 11 oy bo‘ldi, kichik qizimdan chevara ko‘rdim. Chevaramning rasmi xonamda turadi. Rasmga termilib silab-silab qo‘yaman. Shu bilan ko‘nglim tasalli topadi. Bu yerdagi sharoitimiz yaxshi. Davlat tomonidan barcha sharoitlar qilib qo‘yilgan».
Qariyalar uyiga kelish sababi
«1978 yilda xotinim vafot etdi. 4 bolam bilan yolg‘iz qoldim, kenja o‘g‘lim 3 yosh edi. 1980 yilda 56 yoshimda ikkinchi marta uylandim. Shundan keyin farzandlarim bilan chiqisha olmay qoldim. Oilaviy mojarolar sabab, ikkinchi xotinim bilan ajrashishga majbur bo‘ldim. Bu orada katta qizim turmushga chiqib ketdi. Katta o‘g‘lim esa armiyaga ketdi.
Qolgan ikki farzandimni o‘qitishim kerak edi. Onalari o‘tib ketgandan keyin farzandlarimning ko‘ngliga qaradim. Ularga qattiq gapirmadim. Namangan saxovat uyi keyingi manzilim bo‘ldi».
Xotima
Saxovat uyi har doimgidek turfa taqdirlar makon topgan go‘sha. Kimdir deraza oynasidan juda uzoqlarga termilgan, yana kimlardir esa hassaga tayanganicha chuqur o‘yga tolgan.
Nuriddin tog‘a bir oyog‘idan ajrab qolganiga qaramay, nogironlar aravasiga o‘tirib, bir o‘zi aravani harakatga keltirib toza havoda sayr qilishni yoqtiradi. 20 yillik qadrdon o‘riklari gullab taskin va umid baxsh etib turadi.
Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri