Xatirchi tumani hokimining 2014 yil 17 martdagi Q-263-sonli qarori bilan fuqaro M.M.ga «Po‘lkan shoir» massivi hududidagi tuman zaxira yerlari hisobidan fermer xo‘jaligi tashkil etish uchun 74,9 gektar yer ajratib berilgan. Marhum ushbu yerda fermer xo‘jaligi tashkil qilgan. Ammo tuman hokimligi ajratilgan yer maydonlaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanganlik vaji bilan 2020 yil 4 mart kuni «Sherali Bobur 2018» fermer xo‘jaligi yerlarini tuman hokimligi zaxira yerlari hisobiga qaytarib olish bo‘yicha Q-424-sonli qaror chiqargan.
Fermer xo‘jaligi raisi ushbu holat yuzasidan Xatirchi tumani Adliya bo‘limiga murojaat qilgan. Adliya bo‘limi esa fermer xo‘jalik manfaatini ko‘zlab, Xatirchi tuman ma'muriy sudiga shikoyat arizasi kiritib, tuman hokimining 2020 yil 4 martdagi Q-424-sonli qarorini haqiqiy emas deb topishni so‘ragan.
2020 yilning 10 sentyabr kuni Xatirchi tuman ma'muriy sudi ishni ko‘rib chiqib, adliya bo‘limining arizasini qanoatlantirishni rad etgan. Fermer yuqori sudga apellyatsiya shikoyati kiritgan.
Biroq, sud majlisi belgilangan sanaga yetmay turib, fermerning jasadi tumanning Polvonota mahallasi hududidan o‘tgan ariqdan topilgan. Sud-tibbiy ekspertiza fermerning o‘limi yurak nafas yo‘llarining suv bilan berkilishi tufayli mexanik asfiksiyadan kelib chiqqanligi haqida xulosa bergan. Ammo marhumning qarindoshlari ushbu o‘limni shubhali deb hisoblashdi.
Fermerning o‘limidan so‘ng, 2020 yilning 9 dekabr kuni Xatirchi tuman Adliya bo‘limining shikoyat arizasi asosida Karmana tuman ma'muriy sudi tomonidan ish qayta ko‘rilgan va tuman hokimining fermer xo‘jalik yerini zaxiraga qaytarish haqidagi qarori haqiqiy emas deb topilgan.
Shuningdek, M.M.ning akasi Hamro Mustafoyevning ma'lum qilishicha, yaqinda marhumning qabri ochilib (eksgumatsiya), qayta sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilgan.
Shundan so‘ng, joriy yilning 31 mart kuni holat yuzasidan bir qator tergov harakatlari o‘tkazish lozimligi inobatga olinib, Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi viloyat prokuraturasi rasmiy bayonotida.