Asakadagi parrandachilar mahallasi: ular jo‘ja boqib millionlar ishlashmoqda

Jamiyat 15:53 / 22.04.2021 11289

Chindan ham, Bahrindagi qay bir xonadonga kirmang — parranda parvarishlanayotganiga guvoh bo‘lasiz. Dastavval mahalladagi Nafisa Mirzajonova xonadonida bo‘ldik. Xonadon sohibasi mavsumga qarab 3 xonalik joyda 3-4 mingta jo‘jalarni parvarishlaydi. Ularga don-suv beradi.

«Bu ish bilan 4-5 yildan beri shug‘ullanaman, — deydi biz bilan suhbatda Nafisa Mirzajonova. — 1000-2000 tadan jo‘jani 4500 so‘mdan olib parvarish qilamiz. 15-20 kun boqib, 8-10 ming so‘mdan sotamiz. Shuni orqasidan bola-chaqa boqyapmiz. Uy-joy qildik, mashina oldik. Ishimiz qiyin emas, 2 ta farzandim bilan bemalol barchasiga ulguraman».

Yangi ochib chiqqan jo‘jalar 10-15 kunlik parvarishdan so‘ng xaridorlar tomonidan olib ketiladi va shu kunlarda foyda o‘rtacha 2-3 million so‘m atrofida bo‘ladi. Bu degani oila bir oyda 7-8 million so‘m sof foyda ko‘rmoqda.

Bu yerda asosan mahalliy til bilan aytganda, «Qora tovuq» zoti jo‘jalari parvarishlanadi. Sababi — bu tovuqning tuxumi shifobaxsh sanaladi va o‘ta xaridorgir.

Jo‘ja parvarishlashda mehnati u darajada og‘ir emas. Kundalik qarov, suv va don berish, xona haroratini yetarli darajada ushlab turish kifoya.

Kuniga mingga yaqin tuxumni iste'mol uchun bozorlarga yetkazib berayotgan fermer Nasibillo Mamadaliyev xonadoniga ham kirdik. Ushbu xonadonda mingta tovuq boqiladi va ularning 92-93 foizidan tuxum olinadi.

«Tovuq yetti xazining biri, — deydi fermer biz bilan suhbatda. — Bunga katta mehnat ham ketmaydi. Suvi va ozuqasi o‘z vaqtida berilsa oyiga mingta tovug‘i bor xonadon o‘rtacha 8-10 million so‘m bemalol daromad qilsa bo‘ladi. Biz oiladagilar bilan shu mingta tovuqni uyda qaraymiz. Fermamizda ham tovuqlar ko‘p.

Mahalladagi mehnatkash aholi bilan gaplashar ekanmiz, haqiqatda parrandachilikdan ham yaxshi daromad olish mumkinligiga ishonch hosil qildik.

Mehnat qilgan va o‘z mehnatini qadrlagan insonlar yaxshi daromadga ega bo‘ladilar.

Abduvali Qurbonov, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi: Boymirza Xalilov

Ko‘proq yangiliklar: