Inson qayerda yashayotgan bo‘lsa, o‘sha joyning vaqti bo‘yicha ro‘za tutadi. Ramazonga doir savol-javoblar

Jamiyat 13:44 / 17.04.2021 8345

Muborak Ramazon oyiga bag‘ishlangan jonli efirdagi ilk suhbatimizda shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomidagi masjid imom-noibi Hasanxon qori Yahyo Abdulmajid muxlislardan izohlarda qoldirilgan savollarga ham javob berdi. Savollardan biri o‘zbekistonlik migrantlarning eng katta qismi istiqomat qiladigan Rossiyadan kelib tushdi.

– Assalomu alaykum, domla. Biz Rossiyadamiz, ro‘zani O‘zbekistondagi taqvim vaqti bilan tutsak bo‘ladimi?

– Va alaykum assalom. Yo‘q, inson qayerda yashayotgan bo‘lsa, o‘sha joyning vaqti bilan ro‘za tutadi. Savolda aytilgan holatda Rossiyaning taqvimi, u yerda quyosh chiqishi va botishiga qarab ro‘za tutadi.

Hatto tog‘dagi bilan uning pastida yashaydigan odam ham ro‘zani yopish va ochish vaqtlarini boshqacha belgilaydi. Masalan, Dubaydagi eng baland imoratda ham qavatlar namoz va ro‘za vaqtlari bo‘yicha uchga bo‘lingan. Imorat o‘ta baland bo‘lgani uchun inson o‘zi ko‘rib turgan quyoshga qarab ro‘za vaqtlarini belgilaydi va namozini o‘qiydi.

Agar samolyotga chiqsangiz ham quyoshga qarab ibodatlar vaqtini belgilaysiz. Misol uchun, asr vaqtidan keyin samolyot ko‘tarildi, pastda bir-ikki soatlarda kun botishi kerak edi. Lekin samolyot ko‘tarilgach, kun botmay qoldi, siz quyoshni ko‘rib turibsiz. Bunday holda ro‘za ochilmaydi, samolyotda kun botishi kutiladi. Agar musofir sifatida ro‘za ochib yuborilsa, bu ro‘za buzilgan hisoblanadi va ramazondan keyin o‘sha kun uchun qazo tutib beriladi. Hadislar keladi, agar ramazon ro‘zasini uzrli holatda ochib yuborsa ham, keyinchalik o‘sha kun evaziga bir umr qazo ro‘za tutib bersa-da, o‘sha kunning savobini topa olmaydi. Shu sababli hatto samolyotda bo‘lsa ham ro‘za inson turgan joyga qarab belgilanadi.

Yana bir masala, yerda quyosh botgach, ro‘za vaqti tugab og‘iz ochsa, shunday keyin samolyotda osmonga ko‘tarilib quyoshni ko‘rib qoldi. Bunday holda ro‘za o‘z vaqtida ochilib bo‘lgan hisoblanadi va qayta og‘zini berkitishga hojat yo‘q.

  • Barcha savol-javoblar bilan to‘liq video orqali tanishishingiz mumkin. Suhbat davomida, shuningdek og‘iz ochish va yopish vaqtlarini aniqlashdagi ixtiloflar, kimlarga ro‘za farzligi va kimlarga yengillik berilgani, ro‘zani buzuvchi amallar, Ramazonda qilish mumkin bo‘lgan ishlar, iftorlik va saharlikda taomlanish odoblari kabi mavzularda so‘z boradi.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: