8 aprel kuni davlat rahbari boshchiligida tadbirkorlikni rivojlantirish va joriy yilda aholi bandligini ta'minlash dasturi ijrosi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbir keskin tanqidiy ruhda bo‘lib o‘tdi.
«Bugungi kunda davlat xaridlaridagi kichik biznesning ulushi bor-yo‘g‘i 12 foizni, ayniqsa Samarqandda 7,5 foiz, Jizzaxda, Surxondaryo va Toshkent viloyatida 9 foizni tashkil etmoqda.
Bu soha kichik va o‘rta biznes uchun katta imkoniyat. Keyingi hafta imzolanadigan «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonunning yangi tahririda bu imkoniyatlar yanada kengaytiriladi.
Viloyat, tuman va shahar hokimlari kichik biznes sub'yektlarini ushbu jarayonga yanada faol jalb qilishlari va ularning ulushlarini kamida 2 baravarga oshirishlari zarur.
Umuman olganda, tadbirkorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash, ularga keng sharoit va imkoniyatlar yaratish bo‘yicha joylardan 100dan ortiq aniq takliflar kelib tushdi.
Viloyat hokimlari joriy yilda bandlik dasturi asosida, 457 mingta doimiy yangi ish o‘rinlarini tashkil etadi.
Xolxo‘jayev, Ikramov, Kudbiyev viloyat hokimlari bilan birga, kichik va o‘rta biznes korxonalari hamda yangi yakka tadbirkorlar faoliyatini tashkil etish hisobiga 210 mingta doimiy ish o‘rinlarini yaratishga javob beradi.
Voitov, Bobur Abdinazarov, Adiz Boboyev viloyat hokimlari va tarmoq rahbarlari bilan birga, tarmoq va hududiy investitsiya loyihalari hisobiga 248 mingta yangi ish o‘rni yaratishga mas'ul.
Bundan tashqari, «daftarlar»ga kiritilgan 40 ming nafar ishsizlarga o‘zini o‘zi band etish uchun 92 milliard so‘m subsidiya ajratish kerak», degan davlat rahbari.
Prezident yilning ikkinchi choragi uchun budjet tushumi bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
«Joriy yil birinchi choragida 36 trillion so‘m (106 foiz) budjet tushumi ta'minlanib, mahalliy budjetlar ixtiyorida 1,6 trillion so‘m qoldirildi. Tarixda bunday mablag‘ qolmagan.
Lekin, Andijon viloyatidagi ishlarning haqiqiy ahvoli birinchi yarim yillikda tushumlarni kafolatli ta'minlash bo‘yicha xavotir uyg‘otmoqda.
Umuman, ikkinchi chorakda budjetga 36 trillion so‘m tushum so‘zsiz ta'minlanishi lozim.
Soliq tushumlari – 28,5 trillion so‘m, bojxona to‘lovlari – 7,5 trillion so‘m ta'minlanishi shart», deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Shuningdek, Davlat soliq qo‘mitasi ikkinchi chorakda 2 trillion so‘m, Davlat bojxona qo‘mitasi 250 milliard so‘m qo‘shimcha tushumni ta'minlashga mas'ulligi ma'lum qilindi.
Bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov, Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev, Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Murodjon Azimov, Moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Omonulla Nasritdinxo‘jayev bir hafta muddatda har bir manba bo‘yicha zaxiralarni tahlil qilib, viloyat, tuman, shahar hokimlariga mavjud imkoniyatlarni ko‘rsatib berishi kerakligi qayd etildi.