Davlat rahbari yig‘ilish davomida yo‘llar va ekin maydonlari orasidagi bo‘sh maydonlardan unumli foydalanish, aholiga imtiyozli tarzda tarqatish hamda bunday bo‘sh yerlarda kichik biznesni rivojlantirishga alohida to‘xtaldi.
«Toshkent yoki Sirdaryo viloyatining biror tumani misolida o‘rganinglar, vertolyotga chiqib aylanib ko‘ringlar. Yo‘ldan ekin maydonigacha 15 metrlar yer bo‘sh yotadi, bu necha-necha gektar degani. Shuni aholiga taqsimlab bersak, hamma manfaatdor bo‘lmaydimi? Qurilish qilinsin, ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilsin. Sharoit yaratib beringlar, qancha odam band bo‘ladi buning ortidan.
Andijon, Buxoro, Namangan, Farg‘ona, Toshkent viloyatlarida infratuzilmaga yaqin joylarda, unumdorligi past, foydalanishda bo‘lmagan qishloq xo‘jaligi yerlarini ajratish bo‘yicha ko‘plab takliflar bildirilgan.
Qo‘chqorov, Xo‘jayev, viloyat hokimlari bilan birga ishchi guruhlari tuzib, bir oy muddatda unumdorligi past bo‘lgan va foydalanilmayotgan qishloq xo‘jaligi yerlarida loyiha asosida kichik sanoat zonalari tashkil etish bo‘yicha takliflarni kiritsin», degan davlat rahbari.
Sanoat zonalarini infratuzilma bilan ta'minlash uchun joriy yilda 2 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilayotgani ma'lum qilingan.
«A.Sultanov, Sh.Hidoyatov, Abduvaliyev viloyat hokimlari bilan birga, yil yakuniga qadar 168ta mavjud va yangi sanoat zonasini 468 kilometr elektr, 362 kilometr gaz, 405 kilometr suv va 104 kilometr yo‘l bilan ta'minlashi kerak.
Nima uchun kichik sanoat zonalari rivojlanmayapti? Chunki infrastuktura talabga javob bermaydi.
Umuman olganda, joriy yilda tadbirkorlarda energiya ta'minoti va boshqa infratuzilma bilan bog‘liq muammolar bo‘lmasligi kerak. Chunki biz juda katta mablag‘ ajratyapmiz», deydi prezident.
Ma'lum qilinishicha, faqat gaz ta'minoti bo‘yicha 617 mln dollar mablag‘ berilmoqda.
«Misol uchun, elektr quvvati past bo‘lgani bois, Yangihayot tumanidagi 24ta korxonada 2,5 mingta ish o‘rni va eksportdan yiliga 25 million dollar yo‘qotilmoqda. Respublikada infratuzilmadagi muammolar tufayli, 320 tadbirkor so‘nggi 2 yilda import qilgan 220 million dollarlik asbob-uskunalarini ishga tushira olmayapti.
Joriy yilda, tadbirkorlarning elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolarni hal qilishga 560 milliard so‘m ajratildi.
Bundan tashqari, energetika vazirligi viloyat hokimlari bilan birga bir oy muddatda muammosi mavjud sanoat zonalarini xatlovdan o‘tkazib, elektr ta'minotini yaxshilash bo‘yicha ishlarini boshlasin. Bunga yana qo‘shimcha 300 milliard so‘m ssuda mablag‘lari ajratiladi», deya davlat rahbarining so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.