Tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Dilshodbek Jabborovning Kun.uz'ga xabar berishicha, ushbu ishlarni amalga oshirish uchun, tuman hokimi mahalliy budjet hisobidan 48 mln so‘m mablag‘ yo‘naltirish bo‘yicha farmonni imzolagan.
Ta'kidlanishicha, ayni kunlarda loyiha hujjatlari tayyorlanib, suvsozlar 140 metr chuqurlikdan ichimlik suvi chiqarib, tarmoq yotqizish ishlarini boshlagan. Belgilangan tadbirlar doirasida soatiga 10 kub.metr suv chiqarish quvvatiga ega suv nasosi, 1 ta boshqarish shiti o‘rnatish, diametri 76 mm. bo‘lgan 140 metrga yaqin metal quvuri yotqizish, suv quvuri ichiga 400 metrdan ortiq kabel tashlash, 100 metrdan ortiq xavo liniyasi tortish, 2 ta beton tayanch ustunlari va boshqa zaruriy ashyolarni o‘rnatish ishlari bajariladi.
Bo‘stonliklarning ichimlik suvi ta'minotidagi muammosi mahallaning eng og‘riqli nuqtasi bo‘lgan. Ma'lum qilinishicha, ushbu ishlar oxiriga yetkazilsa, hududdagi "Dasht", "Tegirmon" mahallalari, Maorif va Yoshlik ko‘chalaridagi 272 ta xonadonda yashovchi 1500 dan ortiq aholining toza ichimlik suvi ta'minoti yaxshilanadi.