Namangandagi uyi qulab tushishidan xavotirdagi 4 xonadon: ular qachon ko‘chiriladi?

Jamiyat 12:10 / 06.04.2021 8125

Shu mahallada istiqomat qiluvchi Nilufar Isoqboyevaning Kun.uz muxbiriga hikoya qilib berishicha, 2018 yilda Namangan shahrining o‘sha paytdagi hokimi vazifasida ishlagan Shavkat Abdurazzoqov mahalla ahlini to‘plab, yig‘ilish qilgan va hudud buzilishi boshlanishini e'lon qilgan.

Uy uchun esa 1 norma, ya'ni 4 sotix yer maydoni va 13 mln so‘m pul kompensatsiya to‘lanishi taklif qilingan. Mahallada yashovchi aholining ba'zilari bu to‘lovga rozi bo‘lmagan. Keyinroq esa uy evaziga uy olib berish taklif qilingandan so‘ng hudud aholisi kelishuvga ko‘ra boshqa joylarga ko‘cha boshlagan. Lekin mahalladagi 4ta xonadon buzilmay qolib ketgan.

«2018 yilda qo‘shnilarimiz rozi qilingach, uylari buzila boshlandi, yon atrofimizdagi uylar buzilganida bizning xonadonimizga ham shikast yetdi. O‘sha kuni ishdan kelsam devorlarimiz ochilib qolgan ekan, e'tiroz bildirsak, «ertaga sizlarniki ham buziladi», deb ketishdi.

Nilufar Isoqboyeva

Shu ketishganicha, mana, 3 yil o‘tdiki, hech kim xabar olmaydi. Uyimizku buzilmadi, shikast yetgan joylari ta'mirlab ham berilmadi.

Hozir bitta xonada kasal onam, voyaga yetgan o‘g‘lim va qizim bilan tiqilib yashab kelyapmiz», – deydi Nilufar Isoqboyeva.

Nilufar opa 2009 yildan beri ikki farzandini yolg‘iz voyaga yetkazmoqda, u 11 yildan beri onasi Valiya Xoliqova bilan birga yashaydi. Valiya xola vaqti-vaqti bilan shifokor nazoratida bo‘lib turadi, gepatit S bilan og‘rigan. Shu sabab ham yolg‘iz ona ro‘zg‘ordan orttirib uyni ta'mirlab ololmagan.

«Devorlari ochiq holatda qolib ketgan uyga yoz kunlari daydi hayvonlar kirib qoladi, bolalarim qo‘rqishadi, bir-ikki marta ilon ham kirib qoldi, har xil hasharotlar ham paydo bo‘lib qoladi.

3 yildirki, na ta'mirlashni, na boshqa joyga ko‘chib ketishni bilamiz. Mahalla «snos»ga tushgani uchun tabiiy gaz ham uzib ketilgan, qishda issiqlik ta'minotisiz ancha qiynalib yashadik, to‘rt jon bilan bir uyga tiqilib qolganmiz», – deydi u.

«Mana 8 yildirki, xavotirda, hadikda, halovatsiz yashayapmiz, xonadonimiz deyarli yaroqsiz holatga tushib qolgan. Uy qulab tushishidan xavotirdaman, nabiralarimning hayotiga xavf tug‘diryapti bu holat.

Valiya Xoliqova

Bu uydan boshqa yashash joyimiz bo‘lganda ham mayli edi. Bu masala bo‘yicha bir necha bor shahar hokimligiga murojaat qildik, afsuski, natija yo‘q. Hudud hokim sektoriga qaraydi. Lekin bizning dardimizga quloq tutadigan odam yo‘q, qachongacha shunday qiynalib yashaymiz?» – deydi Valiya Xoliqova.    

Namangan shahrida so‘nggi oylarda katta o‘zgarishlar yuz bermoqda. Ayniqsa qurilish va obodonlashtirish sohasida. Mazkur masala yuzasidan ham shahar hokimligi mutasaddilarining rejalari, yechimlari bormikin?

Masalaga sektor rahbari va mutasaddilar bepisand qaramaydi, ular masalani joyiga kelib o‘rganishadi, murojaatchilarni tinglashadi va to‘rt xonadonni qiynayotgan muammo xayrli yakun topadi, deb umid bildiramiz.

Yulduz Yuldasheva, Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: