ID-karta bor bo‘lganda haydovchilik guvohnomasi talab qilinmaydigan tartib ustida ishlanmoqda. Bu qanday amalga oshiriladi?

Jamiyat 19:04 / 06.04.2021 16799

Kun.uz ushbu savollarga javob olish uchun Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi rahbari Bahrom Ziyayev bilan bog‘landi.

Markaz rahbarining ma'lum qilishicha, rostdan ham yuqoridagi tartibni joriy qilish ustida ish olib borilmoqda. Ushbu tartibga ko‘ra, haydovchining yonida ID-kartasi bo‘lsa, haydovchilik guvohnomasini o‘zi bilan olib yurishi shart bo‘lmaydi va bu uchun hech qanday javobgarlikka tortilmaydi. YPX xodimi haydovchining ID-kartasi orqali o‘z planshetidan ushbu fuqaroda haydovchilik guvohnomasi bor-yo‘qligiga aniqlik kiritib oladi.

Bahrom Ziyayevning ta'kidlashicha, ushbu yangilik ikki yoki undan ortiq avtomobili bor haydovchilar uchun katta qulaylik yaratadi. Chunki, hozirgi tartibdan asosan haydovchilik guvohnomasi boshqa avtomobilida qolib ketayotgan toifa jabr ko‘rmoqda.

Markaz rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ushbu tartib joriy qilinganidan keyin ham haydovchilik guvohnomasi va «texpasport» berish amaliyoti davom etadi. Shuningdek, yangi tartib faqat ID-kartasi bor fuqarolarga tatbiq etiladi hamda hozirda amalda bo‘lib turgan biometrik pasportni olib yurish yuqoridagi qulaylikni taqdim etmaydi.

Bundan tashqari, Bahrom Ziyayev yuqoridagi tartibni ishlab chiqishga yaqinda «Mening fikrim» jamoaviy murojaatlar portalida transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarning mavjudligini raqamli texnologiyalar (planshet) vositasida aniqlash va ushbu hujjatlar haydovchining yonida bo‘lmagani uchun javobgarlikni qo‘llash amaliyotini bekor qilish bo‘yicha bildirilgan taklif sabab bo‘lmaganini, balki ushbu tartib O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2020 yil 28 apreldagi 4699-sonli qarori va 2020 yil 5 maydagi 6079-sonli farmoni ijrosini ta'minlash doirasida joriy etilayotganini bildirdi.

Ma'lumot uchun, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlari yonida bo‘lmagan haydovchining transport vositasini boshqarishi MJtKning 135-moddasiga binoan BHMning 1 baravari (245 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, ushbu huquqbuzarlikni sodir etgan haydovchining avtomobili MJtK 291-moddasiga asosan jarima maydonchasida ushlab turiladi.

Ko‘proq yangiliklar: