Toshkent shahar IIBB YHXX boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Qudrat Yo‘ldoshev bugungi kunda poytaxtda spirtli ichimliklar ichgan holda transport vositalarini boshqarish holatlari haqida so‘zlab berdi.
«Xodimlarimiz tomonidan bir sutka davomida alkogol iste'mol qilib, mast holatda transport boshqarish bilan bog‘liq o‘rtacha 15-20ta holat aniqlanadi. Mast haydovchilar piyodalar o‘tish yo‘lagidan o‘tayotgan yo‘lovchilarni urib ketish holatlari ham uchrayapti.
Shuningdek, harakatlanishga hech qanday to‘siq bo‘lmasa-da, mastliklari tufayli boshqaruvni yo‘qotib, biror joyga urilib vafot etgan haydovchilar ham bor.
Bir ma'lumotni aytmoqchiman – ikki oy davomida Toshkent shahrining o‘zida belgilangan tartibda sud orqali 568 nafar haydovchi transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan. Yanada ayanchlisi, yil davomida mast holatda takroran transport vositasini boshqargan 79 nafar haydovchi aniqlangan.
Biz bunday holatlarga qarshi targ‘ibot qilyapmiz, ammo buni hamma ham tushunmayapti», deydi Qudrat Yo‘ldoshev Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi multimedia markazida suratga olingan «Fikrlashamiz» tok-shousida.
25 mart kuni Dang‘ara tumanida mast holda avtomobil boshqargan haydovchi yo‘lning qatnov qismida ketayotgan ikki nafar piyodani urib yuborgani, ulardan biri vafot etgani xabar qilingandi.
Shu kuni Qo‘qonda haydovchi mast holatda avtomobil boshqargani uchun mashinasi jarima maydonchasiga tushgan hamda uni olib chiqish uchun YPX xodimiga 300 dollar taklif qilgani xabar qilingandi.