2021 yilda ham Qo‘qon shahrida jinoyatchiliklar soni yana ortib borayotganligi ma'lum qilindi. Buning uchun Qo‘qon shahridagi to‘rtta sektorlarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha maxsus shtablar tashkil etiladi.
Qo‘qon shahrida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish mavzusida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri. Yig‘ilishda Qo‘qon shahar hokimi Ma'rufjon Usmonov, shahar prokurori Ulug‘bek Hamdamov, Qo‘qon shahar IIO FMB boshlig‘i Farxod Hasanov, mahalla fuqarolar yig‘inlarining raislari, ularning o‘rinbosarlari, hududlardagi profilaktika inspektorlari ishtirok etdi.
Yig‘ilish avvalida shahar hokimi Ma'rufjon Usmonov Qo‘qon shahrida jinoyatchilikning oldini olish, bu borada MFY raislari bilan hamkorlikda qilinishi lozim bo‘lgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi. Ma'lum bo‘lishicha, jinoyatchilikning oldini olish borasida endilikda Qo‘qonda yangi tizim tashkillanadi. Sektorlarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olishga qaratilgan alohida shtablar tashkil etiladi. Mahalla raislari, profilaktika inspektorlari, shtabning a'zolari har kuni o‘z hududlaridagi ta'lim muassasalari, notinch oilalar, jinoyat qilishga moyil bo‘lgan shaxslar bilan alohida ishlaydi. Bu bo‘yicha shtabga kunlik ma'lumotlar kiritib boriladi.
Yig‘ilishda ishtirok etgan Qo‘qon shahar prokurori Ulug‘bek Hamdamovga ko‘ra, shaharda kundan kunga jinoyatlar ortib bormoqda. Hududlarda ishlar tizimli olib borilmayapti. Bunga ota-onalar farzandlarini ko‘p bora nazoratsiz qoldirayotganligi, umumta'lim maktablarida davomatlarning kamligi, yoshlarning bandligini ta'minlashdagi ishlar ko‘ngilli tashkil qilinmayotganligi asosiy omillar qilib ko‘rsatildi.
Qo‘qon shahar IIB boshlig‘i Farhod Hasanov ham yig‘ilishda so‘z olib, ayrim mahallalarda jinoyatchiliklar soni keskin oshib ketganligini tanqid qildi. Ta'kidlanishicha, mart oyining o‘zida Qo‘qonda 300 taga yaqin turli xildagi jinoyatlar sodir etilgan. Sodir etilgan jinoyatlarning eng ko‘pi shaxsga tan jarohati yetkazish, o‘g‘irlik, firibgarlik jinoyatlariga to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, voyaga yetmaganlar o‘rtasida ham jinoyatlar soni oshib ketgan. 2020 yilda respublikada eng ko‘p jinoyatchilik sodir etilgan hudud – “Sunbula” MFYdagi ahvol esa yaxshilanmayapti.
Yig‘ilishda "Sunbula" MFYdagi barcha darajadagi xodimlar faoliyatiga doir xizmat tekshiruvini tayinlash taklifi kiritildi. Taklif ma'qullandi.