Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida aholiga issiqxona qurib berish uchun ajratilgan mablag‘larni o‘zlashtirgan ATB «Agrobank»ning mansabdor shaxslari ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bu haqda viloyat prokuraturasi xabar bermoqda.
Ma'lum bo‘lishicha, ATB «Agrobank» G‘uzor filiali mansabdor shaxslari, 2019 yil sentabr oyidan 2021 yil mart oyiga qadar 167 nafar fuqaroning tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish maqsadida 2 milliard 650 million so‘m imtiyozli kreditlar ajratishni so‘rab yozgan murojaatlarini qabul qilgan.
Ammo ularni tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tkazmagan va kredit ajratish masalasini muhokama qilmagan. Oqibatda, murojaat qilgan shaxslarga kreditlar ajratilmasdan, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazilgan.
Bundan tashqari, fuqaro M.Q. va boshqalarga ta'minotchi korxona tomonidan issiqxona qurib berilmagan bo‘lsa-da, bank xodimlari «issiqxona qurib berish uchun» 60 million so‘m imtiyozli kreditni ta'minotchi hisobraqamiga o‘tkazib, kredit mablag‘ini o‘zlashtirgani aniqlangan.
Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan ATB «Agrobank» G‘uzor filiali mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi va boshqa moddalari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.