Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ma'lum qilishicha, 5–14 aprel kunlari O‘zbekiston maktablaridagi 4-sinf o‘quvchilarining matnni o‘qib tushunish darajasini baholash bo‘yicha (PIRLS) xalqaro tadqiqotlar o‘tkazilmoqda.
2001 yildan beri har besh yilda bir marta o‘tkaziladigan ushbu tadqiqotlarda mamlakatimiz ilk marotaba, dunyoning 60dan ortiq davlatlari qatorida ishtirok etmoqda.
Tadqiqotda 180ta maktabda tahsil oluvchi 5 948 nafar 4-sinf o‘quvchilari hamda ularning ota-onalari, maktab direktorlari va sinf rahbarlari ishtirok etadi. Tadqiqotda ishtirok etadigan maktablar va o‘quvchilar tasodifiylik tamoyillari asosida tanlangan.
Bunda maktablardagi ta'lim tili, shahar yoki qishloqda joylashgani va o‘quvchilar soni kabi mezonlar ham inobatga olinadi.
«PIRLS asosiy tadqiqoti qog‘oz shaklida o‘tkaziladi va unda 4-sinf o‘quvchilari matnni o‘qib tushunish darajalarini baholovchi test topshiriqlarini bajaradilar hamda ta'limga qiziqishlari, uy va maktab sharoitlari to‘g‘risidagi shaxsiy fikrlarini namoyon etuvchi o‘quvchi so‘rovnomasini to‘ldiradilar.
Shuningdek, ishtirokchi maktablar rahbarlari va tanlangan sinf rahbarlari ta'lim muassasasidagi ta'lim muhitini o‘rganuvchi maktab va o‘qituvchi so‘rovnomasini, o‘quvchilarning ota-onalari yoki vasiylari esa farzandlarining ta'lim olish sharoitlarini o‘rganuvchi uy so‘rovnomasini to‘ldiradilar.
Ta'lim inspeksiyasi huzuridagi Ta'lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish Milliy markazi tomonidan o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillarida o‘tkaziladigan jarayonlar uchun barcha tadqiqot materiallari: baholash daftarlari va so‘rovnomalar tegishli tillarga moslashtirilgan holda tarjima qilinib, xalqaro verifikatsiyadan o‘tkazilgan», – deyiladi inspeksiya ma'lumotida.