Xabarlarga ko‘ra, Toshkent shahridagi “Aviasozlar” bozorida tashkil qilingan arzonlashtirilgan mahsulotlar yarmarkasida pista moyiga uzun navbat yuzaga kelgan. Bozor rastalarida o‘simlik moyi 20 ming so‘mdan sotilayotgan bo‘lsa, yarmarkada 14 ming so‘mdan sotilmoqda.
“Arzonlashtirilgan mahsulotlar yarmarkasi rastasida yog‘ va shakardan boshqa narsa yo‘q. Uzr, adashibman. Rossiyadan keltirilgan quyultirilgan sut ham bor ekan. Uni hech kim so‘ragani ham yo‘q. Hamma yog‘ dardida. Bunday nomigagina tashkil etilayotgan yarmarkalar bilan narx barqarorligini ushlab bo‘ladimi? Aholining yog‘ga bo‘lgan ehtiyojini-chi? Aslo! Bu navbatlar bekorga paydo bo‘layotgani yo‘q. O‘simlik moyi allaqachon narxi tez oshib borayotgan mahsulotlar tarkibidan joy olgan”, — deydi muallif.
Arzonlashtirilgan mahsulotlar yarmarkasi Toshkent shahar hokimligi tomonidan tashkil qilingan. Holat yuzasidan hokimlik matbuot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, haqiqatan arzonlashtirilgan mahsulotlar yarmarkasida yog‘ uchun navbatlar yuzaga kelgan.
“Yarmarkalar faqat “Aviasozlar” bozorida emas, Toshkentdagi boshqa bozorlarda ham tashkil etildi. Tadbirkorlarga ajratilgan subsidiyalar hisobiga yog‘ va boshqa mahsulotlar narxi arzonlashtirilgan tarzda bozorlarda sotildi. Boshqa joylarda mahsulot (o‘simlik moyi) 20 ming so‘mdan sotilayotgan bo‘lsa, yarmarkada 14—17 ming so‘mdan sotilmoqda. Shuning hisobiga odamlar navbatda turib yog‘ sotib ola boshlashdi. Fuqarolarga yanada yengillik yaratish maqsadida bunday yarmarkalar yana davom etadi”, deydi Kun.uz bilan suhbatda bo‘lgan hokimlik vakili.
Ushbu holat yuzasidan “O‘zyog‘moysanoat” korxonalari uyushmasi ham Kun.uz’ga o‘z munosabatini bildirdi. Uyushma matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, Toshkent shahar hokimligi tashkil qilgan yarmarkalarning uyushmaga daxli yo‘q.
“Uyushma narx-navoni belgilamaydi. Bugungi kunda rastalarda narx qimmatlaganining sababi shundaki, 2019 yilda 300 ming tonna xomashyo yog‘ ishlab chiqarish uchun import qilingan bo‘lsa, 2020 yilda pandemiya tufayli shuning uchdan birini ham olib kelish imkoni bo‘lmadi. O‘zbekistonga xomashyo eksport qiluvchi davlatlarda hosil kamaygani bois xomashyo olib kelinishi kamaygan. Kelgusi yildan O‘zbekistonda 400 ming tonna xomashyo olinib, 100 ming tonna yog‘ ishlab chiqariladi. Hozirda o‘simlik moyiga yillik talab 450 ming tonnani tashkil qiladi. 2022 yildan boshlab 55-60 foiz xomashyo o‘zimizda ishlab chiqariladi.
Hozir bozorlarda o‘simlik moyi yetarlicha. Yarmarkalarda nisbatan arzon sotilgani uchun navbat yuzaga kelishi tabiiy, biroq kuzatuvlarimiz natijasida bozor rastalarida yog‘ taqchilligi yuzaga kelganiga guvoh bo‘lmadik”, dedi “O‘zyog‘moysanoat” korxonalari uyushmasi matbuot xizmati rahbari Faxriddin Kalonov Kun.uz bilan suhbatda.
Bugungi kunda aholi o‘rtasida keng iste'mol qilinadigan pista yog‘i birja savdolariga chiqarilmaydi. Ma'lum bo‘lishicha, paxta yog‘idan farqli ravishda uni birja savdolari orqali sotishni ishlab chiqaruvchilar o‘zi hal qiladi. Paxta yog‘i birja savdolarida 11-12 ming so‘m atrofida sotilmoqda va bozorda paxta yog‘i narxida barqarorlik kuzatilmoqda.
Avvalroq, Kun.uz O‘zbekistonda o‘simlik yog‘i narxi oshib borayotgani yuzasidan tahliliy maqola e'lon qilgandi. So‘nggi davrda dunyo bo‘yicha o‘simlik yog‘i narxi o‘rtacha 20-25 foizga, O‘zbekistonda esa 17 foizga oshib, O‘zbekistonda o‘simlik yog‘ining oshishi kungaboqar yog‘i narxi oshishi fonida yaqqol sezildi. Mutaxassislar narx yana 30 foizga oshishini prognoz qilishmoqda.
O‘simlik yog‘i narxi oshib borayotganiga pandemiya davrida hosil kam yig‘ilgani tufayli dunyo bozorida xomashyo narxi qimmatlayotgani sabab qilib ko‘rsatilmoqda. O‘zbekiston, asosan, xomashyoni Rossiyadan import qiladi. Rossiya pandemiya davrida hosil kam yig‘ilgani sabab o‘z bozorini himoya qilish maqsadida xomashyo eksportiga taqiqlar qo‘ygani O‘zbekistonda o‘simlik yog‘i narxi oshishining asosiy omili bo‘lib qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, mart oyi boshida bozorlarda maksimal 17-19 ming so‘mdan sotilgan o‘simlik yog‘i (pista yog‘i) aprel boshiga kelib, 22 ming so‘mdan sotilmoqda.