Masjidga yig‘ilayotgan xayriyadan 33 mln so‘m o‘g‘irlagan shaxs ushlandi. O‘z qilmishini u qimorda katta mablag‘ yutqazgani bilan izohladi

Jamiyat 17:46 / 03.04.2021 8843

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi multimedia markazi taqdim etgan ma'lumotlarga ko‘ra, Toshkentning Olmazor tumanida qurilishi davom etayotgan “Islomobod” jome masjidining imom-xatibi Abdulloh Yo‘ldoshev xayrli ishga bosh qo‘shuvchilarga qulaylik yaratish hamda bu yo‘l bilan qurilishni jadallashtirish maqsadida o‘z plastik kartasi ko‘rsatilgan e'lonni “Telegram” tarmog‘idagi ommabop kanallarga joylaydi.

Oradan ma'lum vaqt o‘tib, “Kama” nikli foydalanuvchi imom-xatib bilan bog‘lanadi va pul o‘tkazishi uchun unga kelgan oltitalik raqam zarurligini bildiradi. Abdulloh Yo‘ldoshev soddalik bilan bu kodni beradi. Tez orada firibgar masjid qurilishi uchun to‘plangan 33 mln 757 ming so‘m mablag‘ni yechib oladi.

Ilojsiz qolgan imom-xatib ichki ishlarga murojaat qiladi. Tezkor tadbir va qator surishtiruvlar davomida bu ishni 2000 yil Toshkent viloyatida tug‘ilgan Komronbek ismli shaxs sodir etgani aniqlandi va u qo‘lga olindi.

U AQShda virtual ro‘yxatdan o‘tkazilgan raqam orqali ro‘yxatdan o‘tgan va “Kama” niki bilan ishonchga kirib, pullarni yechib olgan. O‘z qilmishini u qimorda katta miqdorda yutqazgani bilan izohlagan.

Komronbek Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tumani sudi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilib, ish haqining 20 foizini davlat hisobiga o‘tkazish sharti bilan 3 yilga axloq tuzatish ishlariga hukm qilindi.

Markaz xodimi Jamoliddin Nasimovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, sudning yengil jazo berishiga zararning qoplangani sabab bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: