Farg‘onada ayol sobiq eri va milliy gvardiya xodimi bo‘lgan qaynakasi tomonidan dubinka bilan kaltaklangani aytilmoqda

Jamiyat 17:50 / 03.04.2021 35784

Ijtimoiy tarmoqlarda farg‘onalik ayol o‘zining eri va qaynakasi tomonidan dubinka bilan kaltaklanganini aytgan video tarqaldi. Videoda yuzida turli jarohatlar aks etgan ayol va uni kaltaklagani aytilayotgan ikki erkakning avtomobilga o‘tirib, voqea joyidan ketayotgan holati aks etgan.

Kaltaklaganlardan biri milliy gvardiya xodimi ekani aytilgan.

Kun.uz manbasi bergan ma'lumotga ko‘ra, voqea 2020 yil iyunida sodir bo‘lgan.

Kaltaklangan ayol – 1987 yilda tug‘ilgan, fuqaroligi bo‘lmagan shaxs D.U. asli qirg‘izistonlik bo‘lib, Farg‘ona shahrida istiqomat qilib keladi. U muqaddam JKning 168-moddasi 2-qismining «b» va «v» bandlari, 168-modda 3-qismining «b» bandi, 28, 211-moddalari bilan sudlangan.

2015 yildan M.D. bilan shar'iy nikohdan o‘tib yashab kelgan va 2019 yilda ajrashgan, 1 nafar farzandi bor.

Ayol shar'iy nikohda bo‘lib kelgan eri boshqa ayolga qonuniy nikohlanayotganidan xabar topgach, bunga qarshilik qilishga uringan. Shunga qaramay, eri boshqa ayolga uylanganidan so‘ng, sobiq shar'iy eriga o‘zining jim yurishi evaziga uy olib berishni talab qilgan, yo‘qsa uning turmushini buzishini aytib po‘pisa qilgan.

Talabi bajarilmagach, D.U. payt poylab yurib, 2020 yilning iyun oyida eri M.D. va uning xotini M.N. hamda erining akasi M.A. birgalikda avtomobilda qarindoshlarinikiga ketayotganda, ularning yo‘lidan chiqib, janjal ko‘targan va yangi kelin M.N.ga tashlanib, sochidan tortib yiqitgan va qo‘yib yubormagan. O‘z ixtiyori bilan janjalga chek qo‘ymagach, oraga erkaklar aralashgan va ayolni kaltaklashgan.

Milliy gvardiya xodimi ekani aytilayotgan M.A. (M.D.ning akasi) Farg‘ona viloyati «Dinamo» jismoniy tarbiya va sport jamiyatida ishlashi aniqlangan. Ushbu jamiyat Milliy gvardiya tizimiga qarashli.

Ma'lum bo‘lishicha, holat yuzasidan o‘tkazilgan harbiy prokuratura surishtiruvi natijasida janjal vaqtida harbiy xizmatchi M.A. fuqaro D.U.ga qasddan sog‘lig‘ining buzilishiga olib kelmagan yengil tan jarohati yetkazgani aniqlanib, uning xatti-harakatlarida jinoyat tarkibi bo‘lmagan deb topilgan va intizomiy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqida qaror qabul qilingan.

Shuningdek, D.U. bugungi kunda ushbu holatning qayta ko‘rib chiqilishini va jinoiy ish qo‘zg‘atilishini, shuningdek aka-ukalarning ishdan bo‘shatilishini talab qilib kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 2 aprel kuni Farg‘ona tumanida milliy gvardiya harbiy xizmatchisi xizmat avtomobilida piyodani urib yuborib, uning o‘limiga sabab bo‘lgandi.

Ko‘proq yangiliklar: