«Joriy yilning 5-9 aprel kunlari O‘zbekistonda ilk marotaba «Kitobxonlik haftaligi» bo‘lib o‘tadi. Mazkur tadbirning ochilish marosimi Yoshlar ijodi saroyida 5 aprel kuni bo‘lib o‘tadi.
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 dekabrdagi 781-sonli qarori asosida tashkil etilayotgan haftalik Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasida, Respublika Yoshlar ijodi saroyida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlar axborot kutubxona markazlarida o‘tkaziladi. Yaratilgan milliy dasturga asosan endi har yili aprel oyining birinchi haftasida «Kitobxonlik haftaligi» tashkil qilinadi.
Haftalik doirasida 30dan ortiq yetakchi nashriyotlarida so‘nggi yillarda chop etilgan 100ga yaqin kitoblar taqdimotlari, Alisher Navoiyning 580 yilligi, O‘zbekiston Xalq shoiri Abdulla Oripovning 80 yilligi, O‘zbekiston Xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimovning 80 yilligi, shuningdek, o‘zbek estrada san'atining asoschisi Botir Zokirovning 85 yilligiga bag‘ishlangan madaniy-ma'rifiy tadbirlar tashkil etiladi.
Shuningdek, sohibqiron Amir Temurning ibratli hayoti va jasorati to‘g‘risida chop etilgan yangi kitoblar taqdimoti o‘tkaziladi.