Zoyir Mirzayev: Qashqadaryoda ajratilayotgan mablag‘ qayerga sarflanayotganini xalq bilishi kerak

Jamiyat 15:30 / 01.04.2021 5946

Qashqadaryo viloyatining barcha tumanlarida ochiq muloqotlar o‘tkazilmoqda. Ushbu tadbirlarning ahamiyatli tomoni shundaki, uchrashuvlarda sektor rahbarlari, viloyat rahbarlari deputatlar va jamoatchilik oldida hisobot bermoqda. 

30 mart kuni G‘uzor tumanidan boshlangan ochiq muloqot Qamashi tumanida o‘tkazildi. 

Unda tuman sektor rahbarlari va viloyat tashkilotlari qatnashib, hududda 2021 yilda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan hisobot berdi.

“Xalq oldida berilayotgan hisobot shunchaki quruq gap bo‘lib qolmasligi kerak. Bu va'da bilan teng. Tuman aholisining yashash sharoitini yaxshilash va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish sohalariga davlatimiz tomonidan zarur mablag‘lar ajratilgan. Sizlardan ushbu mablag‘larni maqsadli sarflash talab etiladi. Xalq bilishi kerak o‘zgarishni, yangilanishni va ushbu mablag‘lar qanday sarflanayotganini” deya rahbarlarga murojaat qildi Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev.

Aytish mumkinki, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 2021 yilda viloyat bo‘yicha 707 mlrd. so‘m ajratilishi rejalashtirilgan bo‘lsa, shundan 53 mlrd. 998 mln. so‘m Qamashi tumani hissasiga to‘g‘ri keladi.

Taqdimot davomida tumanda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari va eksport rejalari haqida ham ma'lumot berildi.

Viloyat hokimi o‘rinbosari B.Yusupovning aytishicha, tumanda 56 ta loyiha amalga oshirilishi ortidan 882 ta ish o‘rni yaratiladi. Shuningdek, "Obod mahalla" va "Obod qishloq" dasturlari bo‘yicha ham amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar taqdimot qilinmoqda.

Uchrashuvda tuman aholisi toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyoj yuqoriligini ma'lum qildi. Bu bo‘yicha ham amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar taqdimot qilindi.

Shuningdek, aholini qiynab kelayotgan muhim masalalardan yana biri – elektr ta'minotini yaxshilash uchun Qamashi tumanining o‘ziga 17 mlrd. 300 mln. so‘m ajratilishi ma'lum qilindi. Ajratilayotgan summa 128 km. elektr uzatish tarmog‘i qurishga, 27 ta yangi transformator va 3600 ta simyog‘ochlar o‘rnatishga sarflanadi.

Bundan tashqari, gaz ta'minotini yaxshilash va yo‘llar qurilishi bo‘yicha ham aholiga ma'lumot berildi.

Bir so‘z bilan aytganda, Qashqadaryoda boshlangan bu kabi ochiq muloqotlarda fuqarolar o‘zlarini qiynayotgan muammolarni mutasaddilarga yetkazish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu kabi tadbirlar barcha tumanlarda davom etadi va 2021 yilda amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan rejalar aholiga ma'lum qilinadi. 

 Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: