Urganchlik tadbirkor auksionda yutib olgan mulkdan foydalana olmayapti

Jamiyat 16:40 / 01.04.2021 10116

Nima voqea yuz berdi?

Urganch shahar, Islom Karimov ko‘chasidagi 16-uy binosi (sobiq «Matbuot uyi») Mudofaa vazirligiga qarashli «Nukus hududiy uy-joydan foydalanish qismi» tasarrufida hisoblanadi. Binoning 500 kv.m. hududga ega «faollar zali» 2020 yilda E-auksion elektron savdo maydonchasi orqali ijara savdosiga qo‘yilgan.    

2020 yil 9 aprel kuni o‘tkazilgan auksion savdosida ELCOMAX BIZNESS MChJ uni 43,5 mln so‘m ijara to‘lovini amalga oshirish sharti bilan yutib chiqqan. Biroq, MChJ rahbari Elyorbek Gaipov qariyb 1 yildan beri mulkdan foydalana olmayapti.

Muammo nimada?

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi bo‘sh turgan obektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazining Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi bergan ma'lumotga ko‘ra, tadbirkor duch kelgan muammoning asosiy sababi – oldingi ijarachi tomonidan bino bo‘shatib berilmaganidir.

 «Ijara shartnomasi bekor bo‘lishiga qaramay, bino hududining oldingi ijarachisi «Safarniyoz Xayrulla» xususiy korxonasi rahbari Nuriya Safarniyazova pandemiya sababli joriy qilingan karantinni ro‘kach qilib, «faollar zali»ni «Nukus hududiy uy-joydan foydalanish qismi»ga qaytarib topshirmagan. Shu bilan birga, Nuriya Safarniyazova bino hududida ta'mirlash ishlari o‘tkazganini ro‘kach qilib, obektni bo‘shatib bermaslik maqsadida turli instansiyalarga shikoyat qilib kelmoqda», deyiladi ma'lumotda.

 Hududiy boshqarma tomonidan «Nukus hududiy uy-joydan foydalanish qismi»ga auksion g‘olibi bo‘lmish ELCOMAX BIZNESS MChJ bilan ijara shartnomasi orqali mulkni foydalanishga berish lozimligi haqida 2 ta ogohlantirish xati yuborilgan.

 Boshqarma bergan ma'lumotga ko‘ra, «Nukus hududiy uy-joydan foydalanish qismi» bino hududidan noqonuniy foydalanib kelayotgan «Safarniyoz Xayrulla» xususiy korxonasini binodan chiqarish bo‘yicha Xorazm viloyati sudiga 2020 yil 19 iyun kuni da'vo arizasi kiritgan. Ammo sudning hal qiluv qarori hanuzgacha qabul qilinmagan.

«Faollar zali» yopiq, oldingi ijarachi topilmadi

Holatni o‘rganish jarayonida 500 kv.m. hududga ega «faollar zali» eshigi yopib qo‘yilganini ko‘rdik. Mulkning oldingi ijarachisi «Safarniyoz Xayrulla» xususiy korxonasi rahbari Nuriya Safarniyazova bilan bog‘lanishning esa iloji bo‘lmadi. U barcha qo‘ng‘iroqlarni javobsiz qoldirdi.

Mulk egasining fikri qanday?

«Nukus hududiy uy-joydan foydalanish qismi» auksionda g‘olib chiqqan tadbirkor bilan nima uchun shartnoma tuzilmayotgani haqida boshqacha sabab ko‘rsatgan holda ma'lumot berdi.

 «Hozirgi vaqtda 500 kv.m. bo‘lgan «faollar zali»ni Xorazm viloyati hokimligi balansiga o‘tkazish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi tayyorlanib, ayni vaqtda kelishish uchun vazirliklarga yuborilgan. Shu bois, mazkur binodagi 500 kv.m.ni tashkil etgan maydonni ijaraga berish bo‘yicha shartnoma tuzilmasligi haqida Bo‘sh turgan obektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazining Xorazm viloyati hududiy boshqarmasiga ma'lumot yuborilgan», - deyiladi ma'lumotda.

Xatda oldingi ijarachi «Safarniyoz Xayrulla» xususiy korxonasini binodan chiqarish bo‘yicha sudga murojaat etilgani haqida hech qanday ma'lumot yo‘q.

Asosiy savol javobsiz qoldirildi

Ushbu mojaro bir necha savollarni keltirib chiqarmoqda.

Birinchidan, nima uchun «Nukus hududiy uy-joydan foydalanish qismi» avvalgi ijarachini binodan chiqarib yubormasdan, uni auksionga qo‘ydi? Binoning bir qismi ijarachidan qaytarib olinishi, hujjatlashtirilishi, ana shundan keyin auksionga qo‘yilishi mantiqan to‘g‘ri emasmi?

Ikkinchidan, nima uchun binoning 500 kv.m. bo‘lgan «faollar zali» Xorazm viloyati hokimligi balansiga o‘tkazilishi kerak? Agar shunday bo‘lsa, nega u auksionga qo‘yilgandi?

Afsuski, «Nukus hududiy uy-joydan foydalanish qismi» muammoning ildizi bo‘lib turgan bu savollarni javobsiz qoldirdi.

Achinarli xulosa

Bo‘sh turgan davlat aktivlari, binolar yoki ularning bir qismini ijaraga berish – budjetni qo‘shimcha daromad bilan to‘ldirishga, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim chora-tadbirlardan biri edi. Ammo, auksionda g‘olib chiqqan bo‘lishiga qaramay, tadbirkor mulkdan foydalana olmasa, bu choralar qanday samara berishi mumkin?

ELCOMAX BIZNESS MChJ rahbari Elyorbek Gaipov ushbu binoning boshqa qismida bir necha yillardan beri tadbirkorlik qilib kelmoqda. U foydalanilmay turgan maydonni ijaraga olib, faoliyatini kengaytirishni maqsad qilgan edi. 43,5 mln so‘m oz mablag‘ emas, albatta ushbu mablag‘ budjet uchun ortiqcha bo‘lmas edi. Agar auksion talablari bajarilsa, tadbirkor mulkni ijaraga olsa, o‘z daromadini oshirishi, o‘z-o‘zidan budjetga soliq tushumi ham ortishi mumkin edi.

Elyorbek Gaipov bu mavzuda bir necha idoralarga shikoyat qilgan. Ular esa sudga murojaat qilishni tavsiya etishgan. Qiziq holat, tadbirkor kimoshdi savdosida yutib chiqib, mulkdan foydalanish huquqini qo‘lga kiritgan, ijara haqini to‘lashga tayyor turgan bo‘lsa, ushbu mulkdan foydalanish o‘rniga sudlarda sarson bo‘lishi kerakmi?

 Darvoqe, tadbirkor Elyorbek Gaipov “onlayn auksion” atalmish bu nomukammal tizim noqisliklarining birinchi qurboni emas, oxiri ham emasdir balki...

Nurmuhammad Said

 Mavzuga doir maqolalar:

Ko‘proq yangiliklar: