Bu murakkab kasallik nisbatan kam uchraydi. Lekin bunday tashxis qo‘yilgan bir bemor ham oilasiga yetarlicha tashvish tug‘diradi, o‘zi ham bemisl azob chekadi. Ixtioz qanday kasallik? Davolanishi murakkab ekan, qaysi usullar bilan bemorning og‘irini yengil qilish mumkin? O‘zbekistonda bunday dardga chalinganlar, ayniqsa bolalar uchun qandaydir dasturlar bormi? Shu va boshqa savollarga javob olish uchun shifokor-dermatolog Janna Medetova bilan suhbatlashdik.
– Suhbatimiz boshida ixtioz o‘zi qanday kasallik ekanligi haqida so‘z yuritsak.
– Hammamiz bilamizki, ko‘p hollarda davolanadigan orttirilgan kasalliklardan tashqari tug‘ma, genetik jihatga bog‘liq kasalliklar ham bor. Ulardan biri — ixtioz. Bu teri kasalligi, kuchli quruqlashish, terining doimiy po‘st tashlashi shaklida va umuman, teri zaifligi oshishi bilan namoyon bo‘ladi. Aynan ushbu kasallik va u bilan qanday yashash mumkinligi, eng muhimi, O‘zbekistonda ixtiozga ega insonlar uchun nima qilinayotgani haqida afsuski ko‘pchilik bexabar. Ixtioz –tug‘ilganda darhol yoki hayotning birinchi oylarida o‘zini namoyon qiladigan genetik kasallik bo‘lib, umr bo‘yi davom etadi. Kasallik genlarning “parchalanishi” natijasida yuzaga keladi, buning natijasida teri hujayralarida dag‘allanish jarayoni buziladi. Teri quruq bo‘ladi, unda baliq tangachalariga o‘xshagan tangachalar paydo bo‘la boshlaydi, shuningdek, ba'zi organlar va tizimlar zararlanishi mumkin: ko‘rish, eshitish, tayanch-harakat tizimi, jismoniy va ruhiy rivojlanish sekinlashishi va hokazolar.
Kelib chiqish sabablari turlicha. Har ikkala ota-ona yoki ularning biri ixtiozga chalingan bo‘lsa, barcha bo‘lajak farzandlar xavf ostida. Shuningdek, yaqin qarindoshlik nikohida tug‘ilgan bolalarda ham uchrash ehtimoli ko‘p. Ixtiozning taxminan 40 turi mavjud, ammo barchasining asosiy xususiyatlari bir – terida tangachalar shakllanishi, terining qurishi va qalinlashishi. Shuning uchun bunday insonlarni “baliqcha” deb atashadi.
– Bugungi kunda ixtioz kasalligi qanday davolanadi?
– Afsuski, ixtiozning davosi yo‘q, tibbiyot hozircha bu kasallikni to‘la-to‘kis bartaraf etishga ojiz. Ammo simptomatik davolash, terini parvarish qilish, gigiyena, turli xil terapiya va zarur vitaminlarni olish orqali ixtiozli bemorlarning teri holatini sezilarli darajada yaxshilash mumkin va shu orqali ularning kayfiyatini ham ko‘tarsa bo‘ladi. Bundan tashqari, cho‘milishdan so‘ng namlovchi moylar va kremlardan foydalanish lozim. “Baliqchalar”ning ahvolini tabiiy omillar ham yaxshilashi mumkin. Masalan, yozda ular terisining holati odatda sezilarli darajada yaxshilanadi.
– Mamlakatimizda ixtiozga ega insonlar uchun nima qilinmoqda?
– Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi negizida gen dermatozlarini davolash bo‘yicha statsionar bo‘linmaning qurilishi to‘liq davom etmoqda. Bu Markaziy Osiyodagi yagona tibbiy muassasadir. Bu nafaqat ixtiozdan, balki boshqa teri kasalliklaridan aziyat chekadigan odamlarni kompleks tekshirish va simptomatik davolash uchun asos bo‘ladi. Eng zamonaviy uskunalar, eng yaxshi shifokorlar, ilg‘or texnika — bularning barchasi yangi bo‘limda bo‘ladi. Uning ochilishi teri kasalliklariga ega bo‘lgan odamlarni davolashda jiddiy qadam bo‘ladi. Bu va boshqa ko‘plab narsalar mamlakatimizda noyob genetik kasalliklarga chalingan kishilarga nisbatan ko‘proq e'tibor qaratilishi boshlanganini anglatadi.
Bevosita ixtiozning o‘ziga kelsak, bugungi kunda O‘zbekistonda 2 ming nafarga yaqin ixtiozga chalingan bemorlar aniqlangan. 2020 yilning ikkinchi yarmidan boshlab ularga “Kapalak bolalar” NNT yordam ko‘rsatadi va bu tashkilot O‘zbekistonda ixtioz hamda boshqa teri genetik kasalliklarga ega bo‘lgan odamlarni qo‘llab-quvvatlovchi yagona xayriya tashkiloti hisoblanadi. Tashkilot ixtiozga ega 60 nafar bemorlarga bepul tarzda yordam beradi va ularning soni doimiy ravishda o‘sib bormoqda. NNT vasiyligida bo‘lgan “baliqchalar” muntazam va uzluksiz ravishda quyidagi kerakli vositalarni oladilar: yumshatuvchi va teri po‘stini tozalovchi malhamlar, terini parvarish qilish uchun maxsus kosmetika va yana ko‘p narsalar.
NNT shifokorlari doimiy ravishda ixtioz mavzusi bo‘yicha amaliy va ta'lim kurslarini o‘tadilar. Trening Sankt-Peterburg, Moskva, Ispaniya, Xorvatiya va Isroil klinikalarining yetakchi mutaxassislari tomonidan amalga oshiriladi.
Ma'lumot uchun: Bugun tug‘ilgan kunini, bir yoshini nishonlayotgan Shahnoza Suvonqulova tug‘ilganida ixtioz aniqlangan. Tug‘uruqxonadan so‘ng chaqaloq mintaqaviy bolalar jarrohlik dispanserining intensiv terapiya bo‘limiga joylashtirildi. Ayni paytda bola terisining holati sezilarli darajada yaxshilangan. Qizcha o‘z yoshiga qarab rivojlangan va ixtioz deyarli bezovta qilmaydi.
– Modomiki, bu kasallik juda murakkab va davolanmas ekan, bemorning kayfiyatini ko‘tarish uchun qanday uslublardan foydalaniladi?
– Shifokor va ijtimoiy xodim — ixtiozga ega insonlarning eng yaqin do‘stlari. Shifokorlar o‘zlari aytganidek, professionallikdan tashqari, “baliqchalar” bilan ishlaydigan inson, mas'ul, xushmuomala, nozik, har qanday vaqtda bemorga yordam berishga kela oladigan, bemor va uning oilasi ruhiy holatini tushuna oladigan bo‘lishi kerak. Axir, atrofdagilar va qarindoshlar “baliqcha” bilan birga “kasal” bo‘lishadi va ular doimo ma'naviy yordamga, qo‘llab-quvvatlashga va e'tiborga muhtoj.
Bunday insonlarga to‘liq yordam berish uchun shifokorlarning o‘zi yetarli emas, ijtimoiy xodim ham kerak. Bu ko‘p yillar davomida bemor va uning oilasi bilan ishlaydigan insondir. Ijtimoiy xodim oila va “baliqcha” haqida deyarli hamma narsani: hayot tarzi, oiladagi vaziyat va uning ehtiyojlarini biladi.
Ixtioz kasalligida to‘g‘ri va o‘z vaqtida bo‘lgan parvarish juda muhim. “Baliqchalar” va ularning yaqinlari uchun terini parvarish qilish kunlik muntazam ish, ayniqsa, gap bolalar haqida ketganda. Ish va boshqa narsalarga qaramasdan, ixtiozga ega bolalarni kuniga kamida ikki marta, ertalab va yotishdan oldin cho‘miltirish kerak, keyin terini maxsus kremlar va malhamlar, balzamlar bilan yog‘lash kerak.
Eng muhimi shundaki, bunday kundalik yumushlar o‘z natijalarini keltirib chiqaradi. Ixtiozga ega odamlarga to‘g‘ri g‘amxo‘rlik qilinsa, ularga ancha oson bo‘ladi. Teri yumshaydi, teri tangachalari sezilarli darajada kamayadi, noqulaylik va qichishish to‘xtaydi, shuning uchun “baliqcha”ning kayfiyati o‘zgaradi. Ular yanada xotirjam bo‘lib, aloqaga kirib, boshqalar bilan muloqot qilishi osonroq bo‘ladi.
Abror Zohidov suhbatlashdi.