Bunday tadqiqotlar biz uchun diagnoz hisoblanadi – XTV vakili PIRLS va PISA haqida

Jamiyat 11:52 / 01.04.2021 1122

«Shu kabi tadqiqotlar orqali biz o‘z o‘rnimizni aniqlab olishimiz, qayerda oqsayotganimizni bilishimiz, kelgusi strategiyamizni shakllantirib olishimiz mumkin bo‘ladi. Davlatimiz rahbari tomonidan qo‘yilgan talabga ko‘ra, 2030 yilga qadar PISA bo‘yicha eng ilg‘or 30ta davlat qatoridan joy olishimiz kerak. Bu yil PIRLS xalqaro tadqiqotida qatnashsak, keyingi yil PISA tadqiqotlarida ishtirok etamiz. Katta ehtimol bilan bir narsani aytish kerakki, odatda birinchi marta qatnashayotgan davlatlar yuqori natijaga erisha olmaydi. Lekin bunday xalqaro tadqiqotlarga tayyorlanishimiz kerak», dedi Laziz Xo‘jaqulov.

U xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rish orqali ta'lim sifati oshirilishini ta'kidlab o‘tgan. O‘zbekiston bu borada Finlandiyadan namuna olmoqda. Finlandiyada xalqaro tadqiqotlarga alohida tayyorgarlik ko‘rilmasa-da, finnlar yaxshi natijalarni ko‘rsatib keladi. Bu esa ta'lim sifati yuqori darajada ekanidan dalolat beradi. O‘zbekistonda ham ta'lim sifati yuqori darajaga chiqarilsagina shunday darajaga erishish mumkin.

Buning uchun tayanch maktablarda xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda seminar-treninglar tashkil qilinyapti, Avloniy institutida «EStetsting» loyihasi, ya'ni savollarga javob berish bo‘yicha yangi kontent yaratilyapti. Chunki PISA tadqiqotining savollari nazariy savollar emas.

«Ertaga biz bolalarga hayotda qo‘llay oladigan bilim bera olyapmizmi, shuni aniqlashimiz kerak. Quruq nazariy bilim emas. Bunday tadqiqotlar biz uchun diagnoz hisoblanadi.

Balki biz birinchi katnashganimizda yaxshi natijalarga erishmasmiz. Lekin biz uchun yaxshi dars bo‘ladi: qayerda nima qilish kerakligini bilib olamiz, dunyoqarashi keng, fikrlashdan qo‘rqmaydigan yoshlarni tarbiyalash uchun zamonaviy dasturlarni ishlab chiqamiz. Bu tadqiqotlar bizga shuning uchun muhim», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lumot uchun, aprelda bo‘lib o‘tadigan PIRLS xalqaro tadqiqotida O‘zbekiston ilk marta ishtirok etadi.

Ko‘proq yangiliklar: