Namangan viloyati Chust tumani markazidan 25 km uzoqlikda joylashgan Ariqbo‘yi mahallasi hududidagi eski kinoklub o‘rnida ish boshlagan mazkur zamonaviy tikuv sexi tadbirkor Dilfuza Ulug‘boyevaning 3-korxonasi.
«Bobur tekstil» nomi ostida ish boshlagan mazkur korxona tashkil etilganiga u qadar ko‘p vaqt bo‘lmagan. Endi bir oy bo‘lgan bo‘lsa-da, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar allaqachon eksportga yo‘naltirilmoqda.
Dilfuza opa dastlab 2018 yilda «Dilbar tekstil» ko‘p tarmoqli korxonasida 60 nafar ishchi bilan o‘z faoliyatini boshlagan, hozir u yerda 100 dan ortiq aholi mehnat bilan band.
«Tumanning eng chekka qishloqlaridan biri Baymoq qishlog‘ida ham 150 o‘rinli ish o‘rinlariga ega tikuv sexi ochganmiz. U yerda ham sanoat korxonalari kam edi. Yana Olmos qishlog‘ida 200 o‘rinli tikuv sexi tashkil etish harakatidamiz, yaqinda ishga tushadi u yer ham.
Chekka hududlarda sex ochishdan biz ham manfaatdormiz, chunki ishchi kuchi ko‘p bu yerda. Aholi uchun ham foyda, ish o‘rni zarur. Olis hudud aholisi markazga qatnab ishlashga qiynaladi, bu yerda oilasiga yaqin joyda ishlaydi, umri yo‘lda o‘tmaydi, ortiqcha yo‘l xarajatlari ham ketmaydi», — deydi Dilfuza Ulug‘boyeva.