Qashqadaryoda xususiy korxonaning 1 milliard so‘mlik dori vositalarini talon-toroj qilgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Departamentning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tomonidan tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro Q.X. «J» xususiy korxonasining yirik miqdordagi pulini talon-toroj qilgani aniqlangan.
Ma'lum bo‘lishicha, Q.X. mazkur korxonada omborxona mudiri vazifasida ishlagan davrida o‘zining moddiy javobgarligida bo‘lgan jami 1 milliard so‘mlik dori vositalari kamomadiga yo‘l qo‘yib, uning juda ko‘p miqdordagi mulkini talon-toroj qilgan.
Ta'kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan Q.X.ga nisbatan jinoyat kodeksining 167-moddasi (talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.