O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan Ramazon oyini munosib tarzda kutib olish, uni yuqori saviyada o‘tkazish va Taroveh namozlarida mo‘min-musulmonlarga qulay shart-sharoitlar hozirlash maqsadida masjidlarda tayyorgarlik ishlari boshlandi.
Jumladan, masjidlarda Taroveh namozlariga qulay shart-sharoitlarni hozirlash maqsadida, joriy yilning 10 aprel, shanba kuni «Ozodalik kuni» o‘tkaziladi.
Koronavirus kasalligi bilan bog‘liq murakkab vaziyat davom etayotganini inobatga olgan holda, Taroveh namozlarida sanitariya-epidemiologik nazorat kuchaytiriladi. Xususan, namozxonlar tibbiy niqobda bo‘lish, oraliq masofani saqlash, tashrif buyuruvchilar tana haroratini o‘lchash, antiseptik vositalardan foydalanish kabi karantin tartib-qoidalariga rioya qiladi.
«Masjidlarda elektr, gaz va yong‘in xavfsizligi hamda namoz o‘qiladigan joylar muhofazasiga katta e'tibor qaratiladi, texnik jihozlarning sozligi ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Imom-xatiblar tomonidan OAV va internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlarda Ramazon oyining mazmun-mohiyatini o‘zida mujassam etgan chiqishlari qilinadi. Shuningdek, masjidlardagi Taroveh namozlarining shukuhi, mo‘min-musulmonlarning xushkayfiyati ham keng yoritiladi», deyiladi xabarda.