Jamiyatdagi qizil chiziq. Qadriyatlarga qarshi borish erkinlikmi yoki ahmoqlik?

Jamiyat 12:59 / 31.03.2021 21339

Boshqa yaqinroq misol beraman. Yaqinda Angliyaning «Manchester Yunayted» klubi hujumchisi, urugvaylik Edinson Kavani ijtimoiy tarmoqda bir odamga «negrito» deb murojaat qilgani katta muhokamalarni keltirib chiqardi. O‘sha odam Kavanining do‘sti bo‘lgan, u odam qora tanli ham bo‘lmagan, umuman, Urugvayda bu so‘z haqorat emas, erkalash ma'nosida ishlatilishi ham ma'lum – ammo futbolchi uchta o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi, jarima to‘ladi.

«Siz Angliyada yashayapsiz, bu yerda biz toqat qila olmaydigan ma'lum chiziq va chegaralar bor va uni e'tiborga olishga majbursiz», deb tushuntirildi. Jamiyatda qandaydir o‘z so‘ziga ega bo‘lgan siyosiy yetakchi, jurnalist yoki jamoat faoli emas, ishi to‘p tepish bo‘lgan bir futbolchining do‘stiga hazili haqida ketyapti gap, tasavvur qilyapsizmi?

Albatta, Kavanini ko‘chada qora tanlilar tutib olib kaltaklamadi, uning so‘zlari hech kimning hamiyatiga ham tegmagan, menimcha. Bu ko‘pchilikning ko‘z o‘ngida turadigan shaxslarning mas'uliyati, ularning so‘zlash chegarasi boshqalarning tushunish chegarasidan ham torroq, nozikroq bo‘lishi kerakligi haqida edi bu misol. Bugun bu so‘zlarga e'tibor berilmasa, ertaga uni qo‘llash ham oddiy holatga aylanadi, noto‘g‘ri kontekstlar, «to‘g‘ri tushunmaganlar» va orqasidan kaltaklanganlar ham paydo bo‘ladi. Yevropada bu masalalarning juda jiddiy qabul qilinishi, chegaralarning haddan tashqari tor olinishi ham shundan.

Endi LGBT, xususan, «geylar» haqida. Bu tushuncha haqida xalqimizda shakllangan munosabat o‘sha yuqorida aytilgan qizil chiziqlar toifasiga kiradi. Yurtimizning aksariyat qismi amal qilish yoki qilmasligidan qat'i nazar, e'tiqod qiladigan Islom dinining ham bu boradagi qarashlari hammaga ma'lum. 

Bu yerda bir nozik nuqta borki, alohida ta'kidlash kerak. «Geylar»ga tolerantlikni targ‘ib qilayotganlar uchun bu mavzuga Islomning munosabatini qoralar ekanlar, aytaylik, «geylik kasallik ekani, qanday qilib, Xudo insonni shunday yaratib, yana uni jazolashi»ni mantiqsizlikka yo‘ymoqdalar. Men diniy olim emasman, lekin xuddi o‘sha mantiq bilan, keling, aslida biroz boshqacha ekanini tushuntirishga harakat qilaman.

Islom zinoni qoralaydi va gunoh deb biladi. Ya'ni nafaqat erkak va erkak, balki erkak va ayol aloqasi, agar nikoh bo‘lmasa, katta gunoh ish sanaladi. Erkak va erkakni esa, nikohlash mumkin emas. Demak, ikki erkak orasidagi har qanday jinsiy aloqa gunoh hisoblanadi. Bundan kelib chiqadiki, «geylik»ka qarshilik ma'lum bir toifani kamsitish yoki ularni ta'qib qilish emas, aniq bir aktni (amalni) qilganlarga qarshi kurashdir.

Endi, «shunday tug‘ilgan bo‘lsa nima qilsin?» degan savolga javob shundan iboratki, agar buni kasallik deb hisoblagan taqdirimizda, bu o‘sha insonning sinovidir. Islomda hech kim geylarni shunday tug‘ilgani uchun yoki shundayligi uchun jazolamaydi. Bir odam qandaydir kasallik yoki gormonal yetishmovchilik tufayli ayollarga mayli yo‘q bo‘lsa, bu uni gunohkor yoki jinoyatchiga aylantirib qo‘ymaydi. Undan davolanish yoki sabr qilish talab qilinadi, xolos. Faqatki, boshqa erkak bilan jinsiy aloqa qilmasin, bo‘ldi. Jinsiy aloqa zaruriy ehtiyoj emas, undan voz kechish o‘limga sabab bo‘lmaydi, shunchaki, ichishni tashlagan inson kabi, ma'lum bir istak, mayldan voz kechadi, xolos. Aytmoqchimanki, Islom odamlarni qandaydir holati uchun gunohkor yoki jazoga loyiq sanamaydi, balki, ba'zi amallar taqiqlanib, shu taqiqlangan ishni qilganlarga qarshi kurashiladi, xolos.

Bu xuddi ba'zilarning Qur'on oyatlaridagi «kofirlar bilan kurashinglar» degan qismlarini olib, xuddiki, Alloh «boshqa dindagi yoki dinsizlarni o‘ldiring», deb tushunib olib, bunga amal qilishga harakat qilishlari yoki ba'zilarning Islomni shunda ayblab chiqishlariga o‘xshaydi. Aslida oyatlarda dinga qarshi kurashgan kofirlar nazarda tutilgan, zero shuncha yillik tarixda musulmonlar va dinsizlarning birgalikda, bir jamiyatda ahillikda yashab kelganliklarini ko‘ramiz. Xuddi shu shaklda, uyma uy yurib, «sen geymisan?» deb so‘rab, javobga qarab, jazolash, ya'ni ma'lum bir toifani yoki kasallarni jazolash haqida gap yo‘q – hamma gap benikoh aloqa amali va uning gunoh va jinoyat ekanida. Erkak bilan erkakmi, erkak bilan ayolmi, farqi yo‘q.

Buning targ‘iboti esa, tabiiyki, yanada og‘ir masala. Yigit va qizning qo‘l ushlashib yurishi ba'zida qabul qilinmaydigan, jamiyatda ikki erkakning qo‘l ushlashib yurishi erkinlik emas, targ‘ibot sifatida qabul qilinadi. Bunday holatda yoki mana shu yozilmagan qoidalarga amal qilasiz yoki o‘zingizni anglatishning radikal bo‘lmagan, aqlli va sabrli yo‘lidan borasiz. Har qanday mavjud o‘lchov va qadriyatlarni buzish, qarshi borish har qanday jamiyatda yomon oqibatlarga olib keladi. Bu faqat O‘zbekiston yoki o‘zbek jamiyatiga xos emas.

Miraziz Bozorovning asl maqsadi nima edi, uning islomiy blogerlar bilan ziddiyatlarini kim boshlagan, kim aybdor, bu masalaga to‘xtalib o‘tirmayman, bilmayman ham, lekin shu faktki, Bozorov nafaqat dinga, balki o‘zbek xalqiga, o‘zbek ayollariga nisbatan bir qator provokatsion gaplarni aytib, yana sahnaga chiqqandan so‘ng, oqibatini taxmin qilish qiyin emasdi. Bu holatni go‘yoki jamiyatimizning toqatsiz yoki dinimizning radikal ekani, O‘zbekistonda kimlarningdir huquqi toptalayotgani bilan bog‘lash noto‘g‘ri bo‘lardi, menimcha. Buning oldi olinishi mumkin edimi? Menimcha, ha. Xuddi Kavaniga o‘z vaqtida chiziqlar ko‘rsatib qo‘yilgandek, Bozorov olov bilan o‘ynashayotgani, butun bir xalqni haqorat qilib, provokatsiya qilish bloger uchun mas'uliyatsizlik ekani haqida huquq tartibot idoralari kerakli ogohlantirish berishlari lozim edi.

Umuman, Bozorovga qilingan radikal munosabat uning oriyentatsiyasi (ma'lum emas), qaysidir himoyalanmagan toifaga mansub ekanidan emas, uning ijtimoiy tarmoqlardagi harakatlari, ya'ni boshqa toifalarga nisbatan og‘ir haqoratomuz gaplari bo‘ldi, deb o‘ylayman.

Xulosa qilish mumkinki, uning kaltaklanishi jamiyatimizning toqatsizligi yoki ma'lum toifaning huquqlari toptalishidan ko‘ra, blogerning ayrim provokatsion fikrlariga, chaqiriqlariga nisbatan sodir bo‘lgan tabiiy javob. Noqonuniy, noto‘g‘ri, lekin tabiiy javob.

Qahramon Aslanov

Ko‘proq yangiliklar: