O‘tgan yil noyabrida O‘zbekiston tarixida ilk bor milliy valuta – so‘mda 2 trillion so‘mlik suveren xalqaro obligatsiyalar xalqaro moliya bozorlarida joylashtirilgani xabar qilingandi.
Moliya vazirligi xabariga ko‘ra, 24 mart kuni mazkur obligatsiyalardan tushgan mablag‘larni O‘zbekiston taraqqiyoti va aholi turmush darajasini yaxshilashga sarflashda hamkorlik qilish bo‘yicha BMT Taraqqiyot dasturi bilan anglashuv memorandumi imzolandi.
Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov «O‘zbekiston24» telekanaliga bergan intervyusida mazkur mablag‘lar ta'lim, sog‘liqni saqlash, toza ichimlik suvi va avtomobil yo‘llari infratuzilmasi hamda ijtimoiy himoya yo‘nalishlariga sarflanishini aytdi.
«Ikki trillion so‘m hisobiga respublikada 25 ta yangi maktab qurish va 21 ta maktabni rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, 3 ta yangi shifoxona quriladi va 14 tasi to‘liq ta'mirlanadi.
200 kilometrdan ortiq ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimlarini, 300 kilometrdan ziyod avtomobil yo‘llarini qurish va ta'mirlash ishlari olib boriladi.
125 milliard so‘m mablag‘ ayollarga, ayniqsa, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan ayollarga moliyaviy ko‘mak va imtiyozli kreditlar berish, ularning tadbirkorligini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Buning uchun BMT Taraqqiyot dasturi bilan loyihalarni amalga oshirish guruhini tuzyapmiz. Bu guruh har bir loyihaning qanday bajarilayotganini monitoring qilish va uning natijalari bo‘yicha jamoatchilikka doimiy ravishda hisobot berish bilan shug‘ullanadi», - dedi vazir o‘rinbosari.
Memorandumda, shuningdek, O‘zbekistonning BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari ko‘rsatkichlariga ta'sirini baholash, xalqaro tajriba asosida loyihalarning amalga oshirilishi ustidan monitoring qilib borish va natijalari yuzasidan hisobot shakllantirishda hamkorlik qilish ham ko‘zda tutilgan.
Ma'lumot uchun, 2020 yil 19 noyabrda chiqarilgan O‘zbekistonning milliy valutadagi ilk xalqaro obligatsiyalari tranzaksiyasiga «taraqqiyot moliyasi» maqomi berilgan va tranzaksiyaning taraqqiyotga bo‘lgan ta'siri «yuqori darajada» baholangan.
Xalqaro obligatsiyalar tranzaksiyasidan kelib tushgan mablag‘lar BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga, xususan:
- kambag‘allikka qarshi kurashish;
- sog‘lom turmush tarzi va sifatli ta'limni targ‘ib qilish;
- gender tengligi ta'minlanishini jadallashtirish;
- toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatlarini yaratish;
- munosib mehnat sharoiti va iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash hamda infratuzilma barqarorligini oshirishga qaratilgan rivojlanish loyihalari uchun sarflanishi belgilangan.
Mazkur rivojlanish loyihalari maktablar, sog‘liqni saqlash muassasalari, ichimlik suvi va kanalizatsiya quvurlari hamda avtomobil yo‘llarini qurish va ta'mirlash, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan ayollar va oilalarga hamda nogiron ayollarga moddiy yordam ko‘rsatish, oilaviy va xususiy biznesni tashkil etishda ayollarga imtiyozli kreditlar berish, onalik va bolalikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ishsizlik nafaqalari uchun to‘lovlarni moliyalashtirishni o‘z ichiga oladi.
Loyihalarning amalga oshirilish natijalari bo‘yicha yillik hisobot Moliya vazirligi veb-saytida joylashtiriladi va aholi hamda xalqaro investorlarga taqdim etib boriladi.