O‘shanda necha yosh edim, aniq eslolmayman. Ammo shu narsa yodimdaki, qo‘limga tushgan har qanday kitobni old-ketiga qaramay, «yetti yamlab bir yutayotgan» paytlarim edi. Uyimizda kitob uncha ko‘p emasdi. Shuning uchun ham ba'zilarini qayta-qayta o‘qib chiqardim. Yangi kitob topsam, go‘yo xazina topgan qulday sevinardim.
Yoz... Ta'til payti.
Tuppa-tuzuk kitobxo‘rga aylanib qolganim, yangi kitobga o‘lguday tashna bo‘lib yurganimni zimdan kuzatib yurgan akam bir kuni darvozaxonadan kira solib: «Senga bir narsa opkeldim», deb qoldi. Hayron bo‘ldim. O‘sha paytlar u qaysidir og‘aynisinikida o‘rtoqlari bilan birga g‘isht quyayotgandi. Akamning qo‘lida loy dog‘lari tekkan qandaydir etak. Etakning ichida esa do‘ppaygan bir narsa.
«Nima u?» – dedim sabrim chidamay.
Akam esa xuddi atay qilganday etakni shoshilmay – aylantirib-aylantirib ochdi. Ichidan semizgina bir kitob chiqdi. Kitobni oldim-u, saraton chillasida ham salqin bo‘ladigan o‘zimning xos «hujram»ga qamalib oldim.
Afsuski, kitobning muqovasi ham, nomi-yu muallifi ham, boshidagi besh-o‘n sahifasi ham yo‘q edi. Lekin bu narsa uni o‘qishimga to‘siq bo‘lolmadi. Hartugul, yangi kitob o‘qish, eskisini qayta-qayta hijjalashdan ko‘ra yaxshiroq edi. Ishonasizmi, haligi kitobni o‘qirdim-u, xayolimdan «Qaniydi endi tugab qolmasa» degan fikr o‘tardi...
Bu orada kechki salqin tusha boshladi. Bu payt «hujram»ni tark etib, og‘aynilarim bilan qo‘y boqqani chiqishim kerak edi. Oilamizda bu ish mening chekimga tushgandi. Ammo nimagadir akam olib kelgan haligi kitobdan uzilgim kelmas, uni qo‘limdan qo‘yolmasdim. Mutolaaga shunchalik berilib ketgandimki, xuddi budilnigi borday o‘zining qachon yaylovga borishini biladigan va bugun ozroq hayallab qolganim uchun oxurdan kallasini chiqarib tinmay ma'rayotgan qo‘ylar ham ko‘zimga yomon ko‘rinib ketdi. Jin urgurlar!
Yo‘q, baribir ko‘nglim bo‘lmadi. Futbolkamni shortigim bog‘i bilan mahkam bog‘ladim-u, kitobni ichimga solvoldim – yaylovda o‘qiyman! Qornim do‘ppayib qolgani uchun yo‘lda keta-ketguncha – to yaylovga yetguncha oshnalarim «Qachon endi?» deb toza ermak qilishdi. Ammo ular qirda kartoshkani cho‘g‘ga ko‘mib pishirayotganda men mazza qilib kitob o‘qidim. Shunday qilib, men hech qachon tugashini xohlamagan bu kitob ham baribir tugab qoldi.
Keyinchalik o‘sha kitobning nomini ham, muallifi kim ekanini ham bilib oldim. Yirtilgan besh-o‘n sahifasini ham o‘qib chiqdim, albatta.
Bilasizmi, hozir o‘sha xotira va manzillardan minglarcha kilometr narida – dunyoning u burjida turib o‘ylanib qoldim. Yoshlikda o‘qigan kitoblarimni eslasam, boshqa kitoblar emas, xayolimda aynan shu kitob birdan «yarq» etib jonlanar ekan.
Bola ko‘nglimni chaqmoqday yoritgan, qalbimni orzu-umidlarga to‘ldirgan, meni bir umr kitoblarga oshno qilgan bu asarning nomini endi sizlarga ham aytaman – «Sariq devni minib». Ha, minglarcha, balki millionlarcha o‘zbek bolalariga kitob nima ekanini tanitgan o‘sha qadrdon asar.
Bugun tongda Xudoyberdi To‘xtaboyevning o‘limi haqidagi xabarlarga ko‘zim tushdi-yu, ichimdan nimadir uzilib tushdi. Bu uzilib tushgan narsa bolaligimning bir parchasi edi...
Bugun Xudoyberdi To‘xtaboyev ketmadi – o‘zbekning bolaligi ketdi!
Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin adibimizni!
Otabek Tillayev