Prezidentning «Xotin-qizlar va bolalar huquqlarining kafolatlarini ta'minlash, qonuniy manfaatlarini himoya qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasida voyaga yetmaganlar huquqlarini kengaytirishga qaratilgan bir qator o‘zgartirishlar nazarda tutilmoqda.
Jumladan, voyaga yetmaganlar jinsiy erkinligiga qarshi jinoyatlar uchun jazolarni kuchaytirish taklif etilmoqda. Bunda, Jinoyat kodeksi 128- va 129-moddalarining sanksiyalari kuchaytiriladi.
JK 128-moddasining amaldagi tahririga ko‘ra, shaxsning 16 yoshga to‘lmagani aybdorga ayon bo‘lgan holda u bilan jinsiy aloqa qilganlik yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirganlik uchun 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
JK 129-moddasida (16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) esa 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Shuningdek, javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirganlik uchun javobgarlikka tortish yoshini 14 yosh etib belgilash nazarda tutilmoqda. Amaldagi qonunchilikda ushbu ko‘rsatkich 13 yosh etib belgilangan. Avvalroq qonunchilikka bunday o‘zgartirish kiritish Jinoyat kodeksi yangi tahririning loyihasida nazarda tutilayotgan edi.
Bundan tashqari, qaror loyihasida 3 oy ichida jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligiga:
- 18 yoshga to‘lgunga qadar sodir etgan jinoyati uchun voyaga yetmagan shaxs jazoni o‘tab bo‘lganidan so‘ng, uni sudlanmagan deb hisoblash;
- voyaga yetmagan jabrlanuvchi yoki guvohni so‘roq qilishning umumiy davomiyligi kun davomida dam olish va ovqatlanish uchun bir soatlik tanaffusni hisobga olmaganda to‘rt soatdan oshmasligini belgilash;
- voyaga yetmagan jabrlanuvchi, guvoh, gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchini so‘roq qilishda voyaga yetmagan shaxs yoki uning qonuniy vakili iltimosiga ko‘ra psixolog ishtirok etishi kabi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish vazifasi ko‘rsatilgan.
Ma'lumot uchun, amaldagi qonunchilikda voyaga yetmagan guvoh yoki jabrlanuvchini so‘roq qilishning davomiyligi nazarda tutilmagan, voyaga yetmagan gumon qilinuvchini, ayblanuvchini so‘roq qilishning umumiy davomiyligi esa kun davomida dam olish va ovqatlanish uchun bir soatlik tanaffusni hisobga olmaganda olti soatdan oshmasligi kerakligi belgilangan.