Surxondaryoda tadbirkor avtoturargoh qurish uchun arxeologik hududdan tuproq qazidi. U javobgarlikka tortilishi mumkin

Jamiyat 11:09 / 21.03.2021 10888

Jurnalist Eski Termiz hududida Varroq Termiziyga tegishli bo‘lgan qabr va uning atrofidagi qadimiy manzillar o‘rni buzib tashlanayotganini bildirgan.

Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy kabi allomalar Varroq Termiziyning qabri Termizda ekanligini, bu buyuk zot Imom Abu Iso Termiziyning tog‘asi bo‘lganini yozib qoldirgan.

Ushbu holat bo‘yicha Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi. 

Munosabatda bildirilishicha, «Termiz tumanidagi «Qoratepa», «Fayoztepa», «Termiz shohlar» saroyi kabi o‘nlab jahonga mashhur obidalarni qamrab olgan «Eski Termiz» arxeologik hududining 500 gektarlik umumiy yer maydoni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan davlat muhofazasiga olingan.

Arxeologik hududning operativ boshqarish huquqi Termiz davlat muzey-qo‘riqxonasiga topshirilgan bo‘lib, hududda qurilish, ta'mirlash, tekislash va boshqa ishlarni amalga oshirish qat'iyan man etilgan.

IX-X asrlarda yashab, faoliyat ko‘rsatgan ulug‘ alloma Abu Bakr Varroq Termiziy qabri ham ushbu arxeologiya yodgorligi hududida joylashgan bo‘lib, Markaziy Osiyo xalqlari tarixida muhim o‘rin egallaydi.

Ammo, Termiz shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan «Complex Technical Services» MChJga «Avtotransport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish, avtomobillarga siqilgan gaz quyish kompressor stansiyasi hamda avtotransport vositalarining zamonaviy savdo majmuasi» qurish uchun Termiz tumani «Yangiobod» mahallasi hududidagi tuman zaxira fondidan 10 gektar yaylov yer maydoni ajratilgan.

Joriy yilning 19 mart kuni olib borilgan o‘rganishlar davomida o‘ziga ajratilgan yer maydonida qurilish ishlarini amalga oshirish uchun MChJ tomonidan 100 metr uzoqlikda joylashgan muhofaza hududning chegara qismidan o‘zboshimchalik bilan tuproq qazib olish ishlari olib borilayotgani aniqlandi.

Hozirda «Eski Termiz» hududidan tuproq qazib olish ishlari to‘xtatilgan. 

Varroq Termiziy maqbarasiga tutash yodgorliklarga qisman ziyon yetgan. Moddiy-madaniy merosning ko‘chmas mulk obekti va uning muhofaza hududida noqonuniy ishlarni olib borgani uchun «Complex Technical Services» MChJga nisbatan o‘rnatilgan tartibda qonuniy chora ko‘rish bo‘yicha viloyat prokuraturasiga hujjatlar taqdim etilgan.

Ko‘proq yangiliklar: