Savodxonlik alifbodan boshlanadi

Jamiyat 09:56 / 21.03.2021 11575

Bu illatning ikki azim daryo oralig‘ida istiqomat qilib, dunyo tamadduniga ko‘p daholar yetishtirib bergan yurtimizda yuzaga kelgani achinarli hol. Buning uchun har birimiz, ayniqsa, noahil tilshunoslarimiz aybdor, deb hisoblayman. Yanada ochiqroq aytsam, ayrim tilshunoslar bahs-u munozaralarda o‘zgalar fikri asosliroq ekanligiga ishonch hosil qilsalar-da, baribir «qaysarlik» qilaveradilar.

Men – tilshunos emasman, lekin 40 yillik pedagogik faoliyatim davomida original o‘quv adabiyotlari yaratish ustida ham mehnat qilganman. Xususan, oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun 3 jildlik «Fizika kursi» darsligi, «Fizikadan ruscha-o‘zbekcha qisqacha lug‘at», abituriyentlar uchun «Fizika», «Fizikadan test namunalari va izohlari» shular jumlasidandir. Qayd etilgan adabiyotlar haqida kitobxonlar-u mutaxassislar tomonidan ko‘p yaxshi fikrlar bildirilgan. Shu bois tilshunoslarimiz bilan muloqot qilishga va o‘z fikrlarimni bayon etishga haqliman, deb o‘ylayman.

Avvalo, xotiramda saqlanib qolgan bir lavhani bayon etmoqchiman. Sovet ittifoqi qulashi arafasida qadimda qo‘llangan ba'zi fizikaviy o‘lchov birliklarini aniqlashtirib olish maqsadida taniqli sharqshunos olim, akademik Ubaydulla Karimovning uyiga borgandim. Ustoz bir necha shogirdi bilan suhbatlashayotgan ekan. Men ham davraga qo‘shildim.

Suhbat qatnashchilari: «Buyuk ajdodlarimiz asarlari, tariximizga oid risolalar va qo‘lyozmalar arab yozuvida bitilgan. Zamondoshlarimiz va keyingi avlodlarimiz bu manbalardan boxabar bo‘lishlari uchun O‘zbekistonda arab yozuviga o‘tishimiz kerak», degan fikrni bildirishdi.

Suhbat yakunida akademik o‘z fikrlarini quyidagicha bayon etdilar: «Fikrlaringizda vatanparvarlik, ma'rifatparvarlik tuyg‘ulari ufurib turibdi. Lekin biz — sharqshunoslar umumta'lim maktablarida arab yozuvini fakultativ dars sifatida o‘rganishni tashkil qila olsak, siz bildirgan fikrlarni amalga oshirish yo‘lida katta qadam tashlagan bo‘lamiz. Fikrlaringizni butkul inkor etmayman. Ëzuv isloh qilinishi kerak. Bu fikrni boshqa soha vakillari bilan muhokama qilib pishitish kerak. Arab yozuviga o‘tish kerakmi yoxud lotin yozuvining asliga yaqinlashgan o‘zbek yozuvini vujudga keltirish kerakmi? O‘ylaylik, har tomonlama fikrlaylik...»

Allomaning bu so‘zlarini oxirgi vaqtlarda tez-tez xotirlayman. Chunki biz  lotin alifbosini joriy qilayotganda shoshqaloqlik qilib yozuv islohotini boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘ydik va keyin ko‘p vaqtimizni bir-birimizni ayblashga sarfladik.

Mayli, endi «O‘tgan ishga o‘kinma», degan xalq maqoliga rioya qilib kelajak haqida o‘ylaylik.

Ming shukrki, yaqinda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonun loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi. Loyiha bilan tanishdim — to‘rt yil avval yozuvimizni isloh qilish ustida faoliyat ko‘rsatayotgan ishchi guruhga taqdim etgan takliflarim loyihaga deyarli mos kelganini ko‘rib xursand bo‘ldim. Qisqacha tahlil qilaman.

Mustaqilligimizning boshlang‘ich davridagi alifboni birlamchi manba — lotin yozuvi harflariga moslashtirish (1993 yil) va ikki yildan keyingi alifboni yanada takomillashtirish (1995 yil) jarayonida puxta o‘ylanmagan qarorlar qabul qilingan. Keyinroq ayrim yoshi kattalar tomonidan kirill (1940 yilda qabul qilingan) alifbosiga qaytish harakatlari bo‘ldiki, bu yoshlarimizning kelajagi, izchil bilim egallashi yo‘lidagi to‘g‘anoq, to‘siqdan boshqa narsa emasdi.

Alifbo – goh u tomonga, goh bu tomonga oshiriladigan futbol to‘pi emas. Ammo shu o‘rinda o‘ylab ko‘raylik: yoshi ulug‘roq fuqarolarimiz yangi alifboni o‘zlashtirishga nima uchun qiynalishyapti? Bu holatni ilmiy, mantiqiy tahlil qilsak, muammoning ildizi ayon bo‘ladi.

Alifboni o‘rganmoqchi bo‘lgan inson harflarni tanib olishga intiladi, ya'ni har bir harf qanday tovush belgisi ekanligini aniqlashtirib ola­di. So‘ng bir necha harfdan iborat birikma tarkibida­gi harflarga mos tovushlarni ulab talaffuz et­ganda yangraydigan so‘z qanchalik aniq chiqishiga e'tibor qaratadi. Mazkur jarayonda alifbomizning afzal va nomaqbul jihatlari namoyon bo‘ladi.

Haqiqatan, milliy alifboning hozir qo‘llanayotgan (1995 yilgi) variantidagi harflar vositasida bitilgan matndagi biror so‘zda sh yoki ch’ning avval birinchi harfini, keyin ikkinchi harfini talaffuz etish kerakmi yoki ikki harf birikmasini bitta tovush tarzida talaffuz qilish lozimmi, degan muammoviy to‘xtalishga duch kelamiz. Agar «sh» va «ch»ni yaqinda e'lon qilingan alifbo loyihasidagi kabi qabul qilsak, mazkur muammo osongina bartaraf bo‘ladi. Yoshlar ham bu juz'iy o‘zgarishlarni qiynalmasdan, osongina o‘zlashtirishardi.

Yoshi ulug‘roqlar apostrofni ayirish belgisi sifatida idrok etishga odatlanib qolgan. Bunday muammo «g‘» va «o‘» tovushlarini belgilovchi harflarda uchraydi: matnda nigohimiz g‘, o‘ harflariga duch kelganda, ularning belgisini apostrof deb qabul qilamiz. Zero, yoshlarning o‘zi ham ko‘p hollarda adashib yoki to‘g‘ri yozishga imkon topolmasdan bu harflarni apostrof belgisi bilan g’ va o’ shaklida yozadilar. Bu muammo ham yangi loyihada hal etilgan.

Alifboning 1993 yilgi variantida «g‘» harfi ğ tarzida, «o‘» esa ö tarzida belgilangan edi. Bu ham yomon emasdi, ammo ö harfini yozayotgan kimsa qalamini qog‘ozdan ikki marta uzib, o belgisi ustiga ikki marta nuqta qo‘yishiga to‘g‘ri kelardi. Loyihada «g‘» va «o‘» ni va ō tarzida belgilab to‘g‘ri yo‘l tutilgan. Fikrimcha, bu o‘zgarishlarni yoshlar ham, yoshi ulug‘roqlar ham osongina hazm eta olishadi.

Shu asnoda kishida bir mulohaza tug‘iladi: loyihada aks etgan ng birikmasi va tutuq belgisi () ga hojat bormikan? Axir, ularsiz ham yozuv matnlarida fikrlarni aniq va mazmunli tarzda bayon etish mumkin-ku?! Bu haqda o‘ylab ko‘rish lozim, lekin bu hayot-mamot masalasi emas, ortiqcha bahsga berilib yana vaqtni boy bermaylik. Zero, alifboga oid muammolarni tezroq hal etib bir to‘xtamga kelingach, vatandoshlarimizning savodxonligini oshirish yo‘lida bosqichma-bosqich qiladigan ishlarimiz talaygina.

Shubhasiz, ayni paytda tarixiy burilish pallasida turibmiz. Bunday paytda yosh-u qari — barchamiz birlashib, xalqimizning yuzi bo‘lgan yozuv borasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Chunki biz xohlayotgan taraqqiyot savodxonlikdan, savodxonlik esa, birinchi galda, to‘kis alifbodan boshlanadi.

Omiljon Ahmadjonov,
fizik-professor, pedagogika fanlari doktori.

Ko‘proq yangiliklar: