Marhamatning yarim kilogrammlik «chinni somsa»lari qanday tayyorlanadi - video

Jamiyat 13:44 / 21.03.2021 36618

Somsani tayyorlash jarayoni hali xo‘roz qichqirmasdan, tong saharlab boshlanar ekan. Dastlab, masalliqlari tayyorlanadi, xamir qoriladi.

Somsalarning turlari ularga qo‘shiladigan masalliqlarga qarab ajratiladi. Odatda, piyoz, go‘sht va yog‘ qo‘shiladi. Masalliqlar tarozida tortilib taqsimlanadi. Eng katta somsaga yarim klogramm tayyor masalliq tortib solinadi.

Somsalar tayyor bo‘lguncha, tandir qizdirib olinadi. Bir tandirga o‘rtacha 250-300ta somsa sig‘adi. Bir soat davomida qizdirilgan tandirga birin-ketin somsalar yopila boshlandi.

Suhbat davomida somsapazlardan nima uchun «chinni somsa» deb atalishi haqida so‘radik. «Somsaning kattaligi va chinni kosaga solib berilishi tufayli xalq orasida shunday nom qozongan», — deydi Abdumuxtor Jumaboyev.

Ushbu milliy pishiriqning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri — uni har qanday tandirga yopib bo‘lmaydi. Negaki, boshqa tandirlarda yarim kilo tosh bosuvchi somsa yopishmaydi yoki tandirdan uzilib tushib ketadi.

Tayyor bo‘lgan somsalar esa 7 ming so‘mdan 21 ming so‘mgacha sotiladi. Marhamatga kelsangiz, siz ham albatta bir donasi qorinni to‘ydiradigan «chinni somsa»dan tatib ko‘ring.

Abduvali Qurbonov, Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: