Farg‘ona viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasida viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyalari va tuman-shahar sudlari sudyalari ishtirokida videokonferensaloqa shaklida seminar o‘tkazildi.
Kun.uz muxbirining xabar berishicha, joriy yilning 8-15 mart kunlari viloyat hududlarida sodir etilgan yo‘l-transport hodisalarida 12 nafar kishi tan jarohati olgan, 1 nafari esa halok bo‘lgan.
Seminarda shuningdek, fuqarolar tomonidan yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq sodir etilayotgan ma'muriy huquqbuzarliklarning soni ham ortib borayotganligi aytildi. Eng ko‘p yo‘l-transport hodisalari mast holatda transport boshqarish ortidan kelib chiqqan:
"Mast holda transport vositalarini boshqarib huquqbuzarlik sodir qilgan 549 nafar, yo‘l-transport hodisasini sodir qilgan 321 nafar, transport vositalari haydovchilarining va yo‘l harakati boshqa ishtirokchilarining mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlagan 468 nafar shaxsga nisbatan yuritilgan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish hujjatlari ko‘rib chiqilib, qonun doirasida tegishli jazolar qo‘llanilgan.", - deya seminarda ma'lumot berdi viloyat sudining sudyasi B. Vahobov.