Mart oyi o‘rtalariga kelib O‘zbekistonda kunlik kasallanish holatlari soni orta boshlagach, kasallik keng tarqalib ketishining oldini olish uchun hukumat tegishli choralar ko‘ra boshlagandi. 16 mart kunidan respublika bo‘ylab karantin qoidalariga amal qilmagan fuqarolarga nisbatan ma'muriy jarimalar rasmiylashtirilishi boshlangan.
Bosh vazir Abdulla Aripov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyat va tuman markazlarida Navro‘z umumxalq bayramini katta sayil tarzida o‘tkazmaslik, bayramni faqat mahallalar miqyosida ko‘p odam yig‘masdan o‘tkazish tavsiya etilgandi.
Shuningdek, Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan mutasaddi vazirlik va idoralarga bayram tadbirlarida aholini ko‘p to‘plamaslik va tashrif buyuruvchilar niqobda bo‘lishlari hamda ijtimoiy masofani saqlashlari ustidan nazoratni o‘rnatish hamda aholi gavjumligining oldini olish maqsadida tadbirlarni kichik hajmda mahallalarda tashkil etish choralarini ko‘rish kabi ko‘rsatmalar berilgandi.
Shu bilan birga, bayram tadbirlarida jamoat tartibini saqlash va xavfsizlik choralari ko‘rish maqsadida huquq-tartibot organlariga tegishli topshiriqlar berilgan.
Yuqoridagi videoda esa joylarda mutasaddilar va huquq-tartibot organlari karantin cheklovlariga amal qilinishiga beparvolik bilan qarayotgani ma'lum bo‘ldi. Katta ehtimol bilan respublikaning boshqa hududlarida ham Maxsus komissiya ko‘rsatmalariga rioya etilmayapti.
- SSV ma'lumotiga ko‘ra, 20 mart kuni O‘zbekistonda yana 118 kishida koronavirus infeksiyasi qayd etilgan. Andijon viloyatida ham har kuni yangi holatlar aniqlanib kelmoqda.