Joriy yilning 18 mart kuni O‘zbekiston Respublikasining «Osiyo va Tinch okeani mintaqasida oliy ta'lim sohasida malakalarni tan olish to‘g‘risida»gi YuNESKO konvensiyasiga a'zo bo‘lishiga bag‘ishlangan yuqori darajadagi onlayn maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
YuNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi, YuNESKOning Toshkentdagi vakolatxonasi, YuNESKOning Osiyo va Tinch okeani mintaqasi Ta'lim bo‘yicha byurosi, Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda so‘zga chiqqan Ta'lim inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Toshkenboyev xorijiy davlatlarda olingan diplomlarni tan olish jarayoni yildan yilga soddalashtirib borilayotganini ta'kidladi.
«Ta'lim inspeksiyasining asosiy maqsadlaridan yana biri xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olishni soddalashtirish hamda xalqaro mezonlar darajasiga olib chiqishdan iborat», – dedi Ulug‘bek Toshkenboyev.
Inspeksiya rahbari ushbu maqsad doirasida qator ishlar amalga oshirilganini qayd etib o‘tgan.
Xususan, fuqarolarning xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarini tan olish uchun arizalar berish va guvohnomalarni olish davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yilgani, fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish muddati 30 kundan 15 kunga qisqartirilgani ta'kidlab o‘tilgan.
Xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlar to‘g‘ridan to‘g‘ri, ya'ni maxsus sinovlarsiz tan olinishi bo‘yicha belgilangan ko‘rsatkichlar soni oshirilgan. Xususan, xalqaro tan olingan tashkilotlar reytingida birinchi 500talik 1000talikka kengaytirilgan.
Xalqarolashuv va talabalar mobilligi talablariga mos ravishda Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasi bilan ta'lim, malaka va ilmiy darajalarni o‘zaro tan olish to‘g‘risida hukumatlararo Bitim imzolangan.
Ulug‘bek Toshkenboyevga ko‘ra, ta'lim hujjatlarini tan olish bo‘yicha xalqaro hamjamiyat oldidagi muammolardan biri O‘zbekiston Respublikasining ta'lim tizimi to‘g‘risida ochiq ma'lumotlarning yetarli emasligidir.
«Ochiq axborot tizimini yaratish O‘zbekiston yoshlarining va professor-o‘qituvchilarining mobilligini oshiradi, xorijiy davlatlarda ta'lim olish bo‘yicha muammolarning va byurokratik to‘siqlarning barham topishiga olib keladi.
Milliy ta'lim tizimining xalqaro hamjamiyatga integratsiyasini hamda ta'lim oluvchilar va professor-o‘qituvchilar mobilligini ta'minlash maqsadida YuNESKO bilan hamkorlikda Milliy axborot markazi tashkil etish bo‘yicha ishlar boshlangan.
Tokio konvensiyasi matni o‘zbek tiliga tarjima qilindi, Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va manfaatdor vazirlik va idoralar xodimlari Konsepsiya mazmun-mohiyatini sinchkovlik bilan o‘rgandi, ya'ni bu borada boshlang‘ich qadamlar qo‘yilgan.
Jumladan, akkreditatsiyalangan oliy ta'lim muassasalarining elektron platformasi yaratildi. Bu orqali har bir ta'lim muassasasi va ulardagi ta'lim dasturlarining akkreditatsiyalangani haqidagi ma'lumotlarni elektron tarzda olish mumkin.
Hozirda Ta'lim inspeksiyasida YuNESKO va xorijiy ekspertlar bilan birgalikda Global konvensiya, Lissabon konvensiyasi, Tokio konvensiyasi kabi hujjatlarning talablari o‘rganib chiqilmoqda va xalqaro ko‘p tomonlama shartnomalarga qo‘shilish bo‘yicha tajribalar o‘rganilmoqda.
2020 yilda Ta'lim inspeksiyasi Yevropa oliy ta'lim sifatini ta'minlash assotsiatsiyasiga (ENQA) kuzatuvchi sifatida qabul qilindi.
Kelajakda bizning maqsadimiz ENQA’ga to‘laqonli a'zo bo‘lish, EQAR registriga kirish, xalqaro konvensiyalarga qo‘shilish orqali O‘zbekiston universitetlari tomonidan berilgan diplomlarning xalqaro miqyosda tan olinishiga erishishdir», – dedi inspeksiya boshlig‘i.