«Nega o‘quv markazini akademik emas, artist reklama qiladi?» - yosh bukblogerlar bilan suhbat

Jamiyat 16:36 / 19.03.2021 17798

O‘ktam Facebook'da 35 mingdan ziyod kitobxonni birlashtirgan «Kitobxonlar davrasi» guruhi moderatori. U kitobxonlar uchrashuvlarini tashkil qilish, yangi nashr etilgan asarlarni targ‘ib qilishda faol ishtirok etadi.

Mohina esa bukblog yuritish bilan birga, xorijiy adabiyotlarning original nashrlari savdosini ham yo‘lga qo‘ygan.

Mirzohid – yosh tarjimonlardan. U xorijiy tillardagi sara asarlarni o‘zbekchaga o‘girish bilan shug‘ullanadi, bu harakatni kengaytirish uchun ko‘ngillilardan jamoa ham tuzgan.

Kun.uz muxbiri yosh bukblogerlar bilan suhbatlashib, ulardan kitob mutolaasining foydalari, elektron kitoblar davri, O‘zbekistonda kitobxonlik muhiti, nashriyotlar faoliyati, kitob o‘qishga qanday rag‘batlantirish mumkinligi haqida so‘radi.

Mirzohid Muzaffar, "Bobil kutubxonasi" blogi muallifi:

— Har bir xalqda ziyolilar toifasi bor, o‘sha ziyolilar o‘sha xalqning ramzi bo‘ladi. Avom esa doim qaysidir ma'noda yengillikka intiladi. Masalan, biz o‘zimizni Yevropa bilan ko‘p solishtiramiz. Aslida yevroliklarning ham hammasi emas, ziyolilari kuchliroq. Bizning ziyolilardan ko‘ra ularniki hushyorroq.

Yevropaning eng kitobxon davlati Niderlandiyada odamlar balki qo‘shiqchilarga emas, yozuvchilarga ergashar. Bizda esa buning aksi. Nima uchun o‘quv markazini qiziqchi reklama qiladi? Vaholanki, bizda akademiklar bor. Ammo ular televizorga chiqmaydi.

Mirzohid Muzaffar

Bu o‘rinda ziyolilarning dangasaligi ham bor. Sovet davrida ularga hamma sharoit muhayyo qilingan, ular esa faqat kabinetida kitob o‘qishgan, bilimlarini auditoriyalardagina isbotlashgan. Xalq oldiga esa faqatgina artistlar chiqqan. Bunday bo‘lmasligi kerak, menimcha.

100 yillardan keyin, to‘liq raqamli davrga o‘tganimizda ham baribir qog‘oz kitob o‘qish elita, aristokratiya ramzi bo‘lib qolaveradi.

Odamlarni butunlay kitobga o‘rgata olmaysiz. Kitob hech kimni savodli va tarbiyali qilib qo‘ymaydi. Kitobdan katta narsa kutib yuboramiz, muhimi odamning o‘zida ham bo‘lishi kerak. Shuning uchun hammaga kuchni teng taqsimlagandan ko‘ra, ozchilikni olib, ularni kitobxonlikka targ‘ib qilish va ular orqali xalqni ma'rifatga chorlash mumkin.

Mohina Nursaidova, "Mahin's world" blogi muallifi:

Mohina Nursaidova

— Odamlarimizning bukblogingga e'tibori sustligi meni xafa qiladi. Misol uchun, men yasan-tusan qilib tushgan suratimni qo‘ysam, ko‘plab layk yig‘ishim mumkin. Lekin haftalab o‘qib, kunlab revyu yozib joylasam, layklar soni 100tadan oshmaydi, izohlar esa umuman nol. Shunchaki odamlarga qiziq emas.

Bukbloging bizda hozir ko‘payyapti, lekin nashriyotlar buni rag‘batlantirishga sust qarashyapti. Masalan, Rossiyada nashriyotlar bukblogerlarga dayjest yuborishadi. 5 ta kitob chiqarishgan bo‘lsa, ro‘yxatni bukblogerga berishadi, u esa tanlab asarga revyu yozadi. Bizda esa asarga hatto tanqidiy taqriz so‘rashmaydi.

Farzandingiz bo‘tqa yeyishni boshlashi uchun bo‘tqani qayta-qayta uning oldiga qo‘yaverasiz-ku, kitobga qiziqtirish uchun ham shu darajada targ‘ib qilish kerak. Shunda kitob o‘qish kerakligi ong ostiga singib ketadi, hayotining bir bo‘lagiga aylanadi.

Taklif beraverish kerak, shundagina talab paydo bo‘ladi. Agar odamlarning talabini kutib o‘tiraversangiz, televizordagi turk serialidan nariga o‘tishmaydi. Turk seriallariga qiziqish ham shunday paydo bo‘lgan. Qayta-qayta qo‘yilavergan, keyin talab hosil bo‘lgan.

O‘ktam O‘rintoyev, "Kitobxon kundaligi" blogi muallifi:

O‘ktam O‘rintoyev

— Mortimer Adlerning «Kitoblarni qanday o‘qish kerak?» degan kitobida shunday deyiladi: kitob o‘qish ham og‘ir mehnat. Kitob o‘qiganda siz nafaqat aqlan, balki jismonan ham mehnat qilasiz. Yaxshi kitobni o‘qisangiz, mutolaadan keyin miya uni tahlil qiladi, charchaydi. Shu nuqtayi nazardan, odamlar kitob o‘qishdan ko‘ra yengil mashg‘ulotlarga, masalan TikTok'ka ko‘proq o‘ch bo‘lishadi.

Bizdagi kutubxonalar faoliyatidan ko‘nglim to‘lmaydi. Birinchidan, ularning soni kam. Misol uchun, AQShda kutubxonalar «Makdonalds» kafelaridan ham ko‘proq.

Ikkinchidan, mavjud kutubxonalarni ham bilmaymiz. Ko‘pchilik biladigani – Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxona. Lekin u yerga kirib-chiqishda ovoragarchiligi ko‘p. Kutubxona hammaga ochiq, yoshlarni o‘ziga tortadigan joy bo‘lishi kerak.

Bizda kitoblarning narxi arzon. O‘rtacha 20-30 ming atrofida. Shuning uchun bir oyda bitta kitob o‘qiyman degan odam 20-30 ming sarflab kitob ola oladi. Ammo sifat masalasi bor. Kitob qog‘ozlari, shrifti sifatli bo‘lishi kerak, aks holda ko‘zni charchatadi.

Shuningdek, mualliflik huquqi muammoli masala. Bizda noqonuniy faoliyat yurituvchi «nashriyotlar» kitoblarni hech bir mualliflik huquqisiz nashr qilishadi va arzonga sotishadi. Sifatli ish qiladigan nashriyot esa bunda zarar ko‘rib qoladi.

Suhbatning to‘liq variantini videoda tomosha qiling.

Saodat Abdurahmonova suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Muhiddin Qurbonov.

Ko‘proq yangiliklar: