Akay City va fuqaro nizosi. Mulkdor uyidan majburan ko‘chiriladimi?

Jamiyat 19:30 / 19.03.2021 33509

Mulkdorlar kompaniya taklifiga ko‘nmayapti. Kompaniya esa xonadon egalarini majburiy tartibda uydan chiqarish bo‘yicha sudga ariza kiritgan.

Uy egasi: «3 yildan beri shu ahvolda yashayman»

Fuqaro Chingiz Rasulovning murojaatidan so‘ng Akay City turar joy majmuasi qurilayotgan hududga bordik.

Murojaatchi Mirzo Ulug‘bek tumani Qori Niyoziy ko‘chasi 25-uyda yashab keladi. Uning aytishicha, 3 yildan buyon shu ahvolda yashamoqda. Uyning yonginasida ko‘p qavatli uylar qurilishi sabab halovati yo‘qolgan. Shuningdek, qurilish ishlari uyning va uydagi odamlar xavfsizligiga ham soya solishi mumkin.

«Kompaniyaning bergan takliflariga biz rozi emasmiz. Shu joylarda shunaqa uylar qurilayotganidan xursandman. Lekin bu uy – 6 nafar mulkdorning mulki. Hammasi har tomonga ketishdi. Chunki yashab bo‘lmaydi.

Chingiz Rasulov

Menga 72 kvadratli ikkita uy berishmoqchi. Qonun bo‘yicha 6 odamni rozi qilishsin, bo‘ldi. Qurilish jarayonida uyimning hovlisiga katta-katta toshlar ham tushib ketyapti. Bu mening shaxsiy mulkim. Bir umr foydalanish uchun berilgan. Nega mening muammomni hal qilmasdan qurilishni davom ettirishmoqda? Bu ahvolda yashab bo‘lmaydi-ku!» — deydi Chingiz Rasulov.

Akay City: «Bu uyning o‘zi nizoli»

Dildora Nurmuhamedova

Holat bo‘yicha kompaniya yuriskonsulti Dildora Nurmuhamedovadan izoh so‘radik. Uning aytishicha, bu uyning o‘zi unda yashovchi oila a'zolari o‘rtasida nizoli. Kompaniya bir necha bor fuqaroga taklif bilan chiqqan, lekin uyda mulkdorlar ko‘pligi sabab, hammasini rozi qilishning iloji yo‘q.

«Biz ko‘plab takliflar bilan chiqqanmiz. Akay City'dan 72 kvadratli uydan ikkita taklif qilganmiz. Lekin ular bunga norozi bo‘lishmadi. Chunki bu uyni 2018 yil «snos»ga tushganidan foydalanib, 2020 yil mart oyida 4 nafar fuqaroga hadya shartnomasi orqali mulkdor qilib, uyga ro‘yxatga qo‘yilgan. Maqsad – mulkdorlarni ko‘paytirish orqali ko‘proq kompensatsiya undirish bo‘lgan. Hozirda kelishuvga erisha olmadik.

Uyning egasiga taklif qilayotgan uyimizning bir kvadrat metri 16 mln so‘mdan hisoblanadi. Oxirgi taklifimiz – Akay City'dan bitta 70 kv metrli uy va bitta 94 kv metrli uy taklif qilganmiz. Bizda uylar «korobka» holatida, agar xohlashsa, devor qilib beramiz.

Kadastr hujjatlariga ko‘ra, fuqaro uyining yashash maydoni 131 kv metrdan ziyodroq. Biz esa Akay City'dan jami 169 kv metrni tashkil etuvchi ikkita uy taklif qilyapmiz», – dedi Akay City vakili.

Har ikki tomon bir-birini sudga bergan

Gap shundaki, fuqaro Chingiz Rasulov bu uyda ikkinchi oilasi bilan yashab kelmoqda. O‘zidan tashqari, birinchi turmush o‘rtog‘i, ukasi va ikki nafar tanishi ham bu uyga mulkdor hisoblanadi.

Hovlining jami yer maydoni 400 kv metr (4 sotix)dan oshiq. Umumiy yashash maydoni esa 131 kv metrni tashkil qiladi. Kompaniya yer uchastkasining jami maydonidan kelib chiqib emas, yashash uchun mo‘ljallangan maydondan kelib chiqib fuqarolarga 169 kv metrli uy taklif qilmoqda.

Lekin fuqaro Chingiz Rasulov uyning umumiy maydoni 400 kv metr bo‘lgani sababli ko‘p qavatli turar joy majmuasidan 400 kv metrli turar joy so‘ramoqda.

Bu «savdolashish»lar qariyb 2 yildan beri davom etmoqda.

Fuqaro Chingiz Rasulov qurilishni to‘xtatish bo‘yicha Akay City ustidan ma'muriy sudga ariza bergan. Kompaniya esa fuqaroni majburiy tartibda chiqarish uchun sudga da'vo arizasi kiritgan. Hozirda sud jarayoni davom etmoqda.

Qonunchilik nima deydi?

Vazirlar Mahkamasining 911-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomning 34-bandiga ko‘ra, tegishli xalq deputatlari Kengashlari tomonidan investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yer uchastkasi olib qo‘yilishi to‘g‘risidagi qaror qabul qilinishiga – ochiq muhokama o‘tkazilib, foyda va xarajatlar to‘liq baholangandan, shuningdek, mulkdorlarning oldindan roziligi olingandan so‘ng yo‘l qo‘yiladi.

Akay City'ning osmono‘par binolari orasida roziligi olinmagan xonadon qolib ketgani yuqorida tilga olingan nizom talabiga rioya qilinmaganiga ishora qilmoqda.

Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Rahmatillo Isroilov,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Otaxon Yusupov.

Ko‘proq yangiliklar: